
Ruxsora uch yil davomida koma holatida yotadi. Shifokorlar umidni deyarli uzgan, faqatgina uning onasi qizining qo‘lini qo‘yib yubormaydi.
Mo‘jiza yuz beradi — Ruxsora ko‘zini ochadi. Bu xabar hatto tajribali shifokorlarni ham hayratda qoldiradi. Yaqinlariga xabar berishni taklif qilishganda, u rad etadi:
— Yo‘q… o‘zim boraman. Ularga syurpriz bo‘lsin.
Uning xotirasi qisman tiklangan. U eri va kichkina qizchasini eslaydi. Yuragi quvonchga to‘lib, uyiga yo‘l oladi.
Ammo eshikni eri emas… eng yaqin dugonasi Shalola ochadi.
Ma’lum bo‘lishicha, uch yil ichida eri Shalolaga uylangan. Qizi esa Shalolani “ona” deb chaqira boshlagan.
Ruxsoraning dunyosi bir zumda qulaydi.
U janjal ko‘tarmaydi. Indamay ortiga qaytadi va onasining uyiga ketadi. Onasi komaga tushgan kundagi voqealarni aytib beradi. Ruxsora ruhiy azobda qoladi, ammo taqdirga tan berib, tinchgina yashashga qaror qiladi.
Lekin kutilmagan haqiqat ochiladi: uning komaga tushishiga aslida Shalola sababchi bo‘lgan.
Bu tasodif emas edi.
Ruxsora sukut saqlamaydi. U adolat uchun kurashadi. Dalillar to‘playdi, o‘tmishni qaziydi va nihoyat haqiqatni ochadi. Sud jarayonida Shalolaning aybi isbotlanadi va u qamaladi.
Eri esa ikki karra xatoni tushunadi: xiyonat va ishonchsizlik. Ammo kech bo‘lgan edi. U yolg‘izlikda qoladi.
Film so‘ngida Ruxsora qizchasini bag‘riga bosib, yangi hayot sari dadil qadam tashlaydi.
Xoldor Tursunboyev, Sabina Sodiqova, Zuhra Ashurova, Miravaz Solihov, Gulilola Majidova, Ahror Alijonov, Solihabonu G‘aniyeva, Odina Umaraliyeva, Gulnoza Abdualiyeva, Adham Ahmadaliyev, Muhammadvali To'lamirzayev, Dilshod Butayev








































































































































































































































