
Ota-onasidan erta ayrilgan Dilnoza o‘gay onasi Barno va uning qizi Azizaning zulmi ostida yashaydi — uy yumushlariga majburlanadi, haqoratlanadi, hatto kaltaklanadi. Ular Dilnozaning otasidan qolgan uyga ko‘z tikishgan, ammo hujjatlar uning nomida bo‘lgani uchun uni doimiy ravishda kamsitib, ezib yashatishadi.
Bir kuni Dilnoza chiday olmay, uydan qochadi. Ko‘chalarda ochlik va xavf-xatar bilan yuzma-yuz keladi, ishlash uchun har bir eshikni taqillatadi. Marhum otasi sovg‘a qilgan eski daftarchaga dardlarini yozib, unutilgan bolalik xotiralari bilan o‘zini ovutadi. Avval tog‘asining rafiqasi Salimadan boshpana so‘raydi. Salima dastlab sovuq munosabatda bo‘lsa-da, oxiri rahmi kelib, uni uyiga qabul qiladi.
Mardikor bozorida uy tozalash ishini topgan Dilnoza boy oila — Karomat va uning o‘g‘li Kamronning uyiga boradi. Avvaliga qo‘pol va bebosh ko‘ringan Kamron Dilnozaning tejamkorligi, mehnatsevarligi va rostgo‘yligidan ta’sirlanib, asta-sekin undan ko‘ngli qoladi. Uy bekasi Karomat ham Dilnozaning mehnatidan mamnun bo‘lib, uni doimiy xizmatchi sifatida ishga oladi.
Dilnoza bilan Kamron o‘rtasida yaqinlik paydo bo‘ladi, ammo ijtimoiy tafovut va Dilnozaning og‘ir o‘tmishi ularni ajratib turadi. Dilnoza Kamronga nisbatan his-tuyg‘ularini yashirib, undan uzoqlashishga harakat qiladi. Hatto uni o‘zidan uzoqlashtirish uchun «bokira emasman», deb yolg‘on gapiradi. Ammo bu Kamronni to‘xtata olmaydi. U Dilnozani qanday bo‘lsa, shundayligicha, o‘tmishidan qat’i nazar sevib qolganini izhor etadi.
Karomat avvaliga bu munosabatga ehtiyotkorlik bilan qarasa-da, oxir-oqibat Dilnozaning pokligi, sadoqati va mehnatsevarligini ko‘rib, ularning nikohiga rozilik beradi. Dilnoza va Kamron turmush qurishadi. Karomat esa uni o‘z qizidek qabul qiladi.
Finalda Dilnoza va Kamron uning eski uyiga borishadi. Barno va Azizaning qilmishlarini fosh qilib, Dilnozaning uyga bo‘lgan qonuniy huquqini himoya qilishadi. Dilnoza yillar davomida qalbida yig‘ilib qolgan alamlarini ochiq aytadi va Barno bilan yuzma-yuz hisob-kitob qiladi. Shunga qaramay, u qasos yo‘lini tanlamaydi. Kechirimlilik ko‘rsatib, uy sotilganidan tushadigan pulni mahalla masjidiga ehson qilishga qaror qiladi.
Nigina G‘ulomova, Javlon Jamoliddinov, Ruslan Berdiyev, Zilola Po‘latova, Rayhon G‘aniyeva, Zumrad Eshonqulova, Shahzoda Ergashxo‘jayeva, Ziyoda Ro‘ziqulova, Izrohat Mamatova, Maryam Hamzayeva, Davron Turdiyev, Farrux Qudratov, Shohrux Zaripov.








































































































































































































































