
Qurilishda ishlayotgan 22 yoshli Rustamga onasi Zamira opa qo‘ng‘iroq qiladi. U ish joyidan shoshib uyiga keladi. Sovchilikdan qaytgan onasi qiz tomonning talablari yoqmaganini aytib, Rustamning Layloga uylanishiga qarshi chiqadi. Rustam onasini ko‘ndira olmay, alam ustida mashinasiga o‘tirib ketadi. Mahalla boshida uni kutib turgan Laylo mashinaga chiqadi. Yo‘lda ular tortishib qolishadi. Yuqori tezlikda ketayotgan Rustam svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib, avtohalokatga uchraydi.
Voqealar ortga qaytadi.
Rustam bir kuni ko‘chada dugonasi bilan ketayotgan Layloni ko‘rib qoladi. Uning latofati Rustamning e’tiborini tortadi. Ular tanishib, vaqt o‘tishi bilan bir-biriga ko‘ngil qo‘yishadi. Rustam Layloga uylanish niyatini bildiradi. Laylo esa nikohdan keyin alohida yashash va unga mashina olib berish sharti bilan rozi bo‘ladi.
Sevgilisi uchun Rustam tinmay mehnat qiladi. Qurilishdagi ishidan keyin tungacha taksi haydab, pul topadi. O‘g‘lidagi o‘zgarishlarni sezgan Zamira opa buning sababini so‘raydi. Rustam unga Laylo haqida aytadi. Onasi xursand bo‘lib, sovchilikka boradi.
Dastlab Layloning ota-onasi ularni samimiy kutib oladi. Ammo keyingi uchrashuvlarda qiz tomonning talablari tobora oshib boradi. Shunga qaramay, Rustam Layloga bo‘lgan muhabbati sabab barcha qiyinchiliklarga chidab, u bilan unashtiriladi.
Qiz tomon mahrga to‘rt xonali kvartira so‘ragach, Zamira opaning jahli chiqadi. U Layloning uyiga borib, ota-onasi qo‘yayotgan talablar noto‘g‘ri ekanini tushuntirmoqchi bo‘ladi. Suhbat paytida Laylo qattiq asabiylashib, tutqanog‘i tutadi va yiqilib qoladi. Zamira opa vahimaga tushib, unga yordam beradi.
Uyiga qaytgan Zamira opa bo‘lgan voqeani Rustamga aytadi. Rustam bunga ishonmay, Layloning oldiga boradi. Uni mashinasiga olib ketayotganida ular avtohalokatga uchrashadi.
Rustam va Laylo reanimatsiyaga tushadi. Shifokor Rustamning bosh miya jarohati tufayli ahvoli og‘irligini aytadi. Birozdan so‘ng Rustam vafot etadi. Bu xabarni eshitgan Zamira opa og‘ir iztirobga tushadi.
Oradan kunlar o‘tadi. Zamira opa qor bilan qoplangan qabristonga o‘g‘lining qabrini ziyorat qilish uchun keladi. U yerda nogironlik aravachasida o‘tirib, Rustamning qabri boshida yig‘layotgan Layloni ko‘radi. Laylo ko‘z yoshlar bilan Zamira opadan kechirim so‘raydi.
Ikki ayol bir-biriga qaragancha jim va mahzun holatda qoladi.
Sitora Xudoynazarova, Parviz Qayumov, Laziza Azimova, Zilola Haqberdiyeva, Baxtiyor Musayev, Muharram Abduhalilova, Sitora Xayrullayeva, Oygul Abdurahmonova, Alimardon Ziyoviddinov.








































































































































































































































