
Malika opaning ikki o‘g‘li va oila qurgan qizi bor. O‘g‘illarining ikkalasi ham bir vaqtda uylanadi. Oiladagi yangi kelinlar yangicha muhitga tushib qolishadi. Bu uyda hamma ishlasa-da, kassa bir odamga tegishli edi — ya’ni Malika opaga. Ona bolalarini yolg‘iz katta qilgani uchun ular topgan pullarni nazorat qilishga ham odatlanib qolgan.
Yangi uylangan o‘g‘illar esa bu holatdan noqulaylik his qilishadi. Ayollarining erkaliklari ularni “ona bank”ka xiyonat qilishga majbur qiladi. Bu vaziyatlar esa turli yumoristik holatlarga sabab bo‘ladi.
Ikkinchi liniyada Malika opaning qizi Zumradning hayoti ham ko‘rsatiladi. Zumradning eri tanbal va hayotdan doimo noliydi. Bechora Zumrad eri bo‘lsa-da, onasi kabi oilani o‘zi tebratib kelardi.
Bu yoqda esa yosh er-xotinlarning romantik hayoti va bu muhitni ta’minlash uchun moliyaviy erkinlik yetishmasligi bilan bog‘liq voqealar kechadi. Pulni yashirish, kech bo‘lganda “ona bank”dan pul o‘marish va shunga o‘xshash sahnalar vaziyatni yanada chigallashtiradi.
Zumrad esa onasiga dardini ayta olmaydi. U asta-sekin o‘zining ham onasiga o‘xshab qolayotganini anglaydi va bu haqda onasiga aytadi. Ona qizining dardini tushunadi.
Oradan vaqt o‘tib, Zumradning homiladorligi aniqlanadi. Ikki kelin ham homilador edi. Bu uyda shirin tashvishlar boshlanadi. Zumrad esa bolasini oldirmoqchi bo‘ladi. Eriga: “Bu bolani boqishga qiynalamiz”, — deganida, eri o‘z xatosini tushunadi. U tanballikdan voz kechib, oila mas’uliyatini o‘z qo‘liga oladi.
Film yakunida esa Malika opa aslida bolalari uchun syurpriz tayyorlayotgani ma’lum bo‘ladi. Ularning barchasi sayohatga yo‘l oladi. Zumrad ham bolasini dunyoga keltirishga qaror qiladi.
Zuhra Ashurova, Parviz Qayumov, Shahzod Hojzoda, Sitora Xudoynazarova, Sabina Sodiqova, Gulasal Ahmedova, Nuriddin Mo‘minov, Orifjon G‘iyosov, Ro‘zimboy Ashurboyev, G‘iyosiddin Mo‘minov, Laylo Najmullayeva








































































































































































































































