
Shahar markazida gul sotib o‘tirgan qizdan gul olish maqsadida Amir unga yaqinlashadi. Qulog‘ida telefon. Qiz uni eshitib turishga uringan paytda tizzasidagi bir dona atirgul tushib ketadi. Uni qo‘llari bilan yerdan qidirmoqchi bo‘lganida, Amir uning ko‘zi ojiz ekanini payqaydi. Dunyoning yuz-ko‘ziga qarab qotib qoladi. Hatto telefondagi suhbatini ham unutadi. Yigit qizni sevib qoladi.
Ertasi kuni Amir qiz bilan tanishish ilinjida yana o‘sha yerga keladi. Yo‘ldan o‘tishga harakat qilayotgan Dunyoni ko‘rib, uning tomon yuguradi. Qizni mashina urib yuborishiga sal qoladi. Amir uni qo‘lidan tortib qoladi. Yana nigohlar to‘qnashadi...
Uchinchi kuni Amir u bilan yaqindan tanishish ilinjida keladi. Qo‘lidagi shokoladni tutqazib, gap boshlaydi. Qizning chakkasiga gul qistiradi. Keyin ularning kiyim do‘koniga borgani va Amir Dunyoga kiyim tanlayotgani ko‘rsatiladi. Orada Amir cho‘ntagidagi pulini olib, sanab qo‘yadi. U Dunyoni chin dildan sevib qolgandi.
Kunlari Dunyoning ko‘zlarini davolatish uchun qanday qilib pul topish mumkinligini o‘ylash bilan o‘ta boshlaydi. Internet orqali operatsiya juda katta pul turishini ko‘rib, kayfiyati tushadi. Oxir-oqibat oldida bittagina yo‘l bor, deb o‘ylaydi. Kepka va sumkasini olib, uydan chiqadi.
O‘g‘rilik qilib, Dunyoning oldiga oshiqayotgan va pistirmada yurgandek o‘zini tutayotgan Amirni ko‘ramiz. Chiroyli lokatsiyadagi o‘rindiqda o‘tirgan Dunyoning oldiga Amir shoshilgancha kelib o‘tiradi. Sumkadan dollarlarni olib, uning qo‘liga tutqazadi. Dunyoning sochlarini silab, tezda g‘oyib bo‘ladi.
Oradan yillar o‘tadi.
Dunyoning ko‘zlari ochilgan. U shaxsiy gul do‘konida vitrinani bezatayotgan bo‘ladi. Shu payt soch-soqoli o‘sgan, abgor ahvoldagi Amir oyna oldidan o‘tadi va Dunyoni ko‘rib, to‘xtab qoladi. Uni payqagan Dunyo Amirga gul tutadi. Uning hech qanday reaksiya bildirmayotganini va ahvolini ko‘rib, cho‘ntagidan pul chiqaradi.
Amir ketishga chog‘langan paytda Dunyo yugurib chiqib, uning qo‘liga pulni tutqazadi. Shu payt Dunyo Amirni qo‘llaridan tanib qoladi. Ikkisining ham ko‘zlari yoshlanadi.
Keyingi sahnada Amir o‘ziga qaragan, kostyum-shimda Dunyoni restoranda kutadi. Dunyo esa bir necha yil avval Amir unga sotib olib bergan ko‘ylakda keladi. Amir o‘sha paytlarni eslaydi. Ular birga ovqatlanishadi. Amir qizga yurak shaklidagi taqinchoq sovg‘a qiladi. Shahar aylanishadi. Keyinchalik gul do‘konida birga ishlay boshlashadi.
Amir Dunyoga turmush qurish taklifini bildirish maqsadida uzuk sotib olish uchun do‘konga boradi va uzuk tanlaydi. Qaytishda esa yo‘lga yugurib chiqqan kichkina qizaloqni ko‘radi. Tezda uning oldiga yugurib, qizaloqni itarib yuboradi. Mashina esa Amirning o‘zini urib ketadi.
Ayni shu paytda Amir Dunyoga sovg‘a qilgan taqinchoq uning bo‘ynidan uzilib tushadi. Dunyoning ko‘ngli g‘ash bo‘lib, Amirga telefon qiladi. Ammo abonent o‘chirilgan edi.
Kunlar shu tariqa g‘oyib bo‘lgan Amirni kutish bilan o‘tadi. Dunyo yig‘lab Amirga qo‘ng‘iroq qilayotgan paytda komada yotgan Amirning ko‘zlaridan ham yosh oqadi. Shu kunlarda qattiq siqilgan Dunyo gul do‘konida hushini yo‘qotadi.
Ko‘zlarini kasalxonada ochadi. Hamshiraga yordami kerak emasligini, ketmoqchi ekanini aytib, yo‘lakka chiqadi. Shu payt yugurib ketayotgan uch-to‘rt nafar shifokorga ko‘zi tushadi va u ham o‘sha tomonga yuradi. Jonlantirish xonasida yotgan Amirni ko‘rib, shokka tushadi.
Dunyo xonaga otilib kiradi. Elektroshok yordamida Amirning hayotini saqlab qolishga urinayotgan shifokorlar bir payt bosh chayqashadi. Dunyo Amirning ko‘ksiga boshini qo‘yib, yig‘lagancha uni qo‘llari bilan mushtlaydi.
Shu payt mo‘jiza yuz beradi — Amirning yuragi yana ura boshlaydi. U ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib, Dunyoga tabassum qiladi.
Shuxrat Umarov, Sabina Sodiqova, Diyora Jalilova, Zulfiya Raimqulova, Baxtiyor Musayev, Merdan Matvaliyev, Sevara Haydarova, Elmera Jumayeva, Shahzod Ibragimov.








































































































































































































































