
Ushbu film drama-tragediya janrida bo‘lib, unda bir ayolning ayanchli taqdiri haqida hikoya qilinadi. Barot tabiatan mehrsiz, pulparast va oilasiga e’tiborsiz inson. Uning rafiqasi Malika esa sabrli, samimiy va kamtar ayol. Malikaning orzulari ham katta emas. Uning yagona orzusi eri bilan poytaxtga borib, sayr qilish edi. Ammo Barot xotinining bu iltimosiga ham e’tibor bermaydi. Yillar o‘tib, u nihoyat Malika bilan sayohatga borishga rozi bo‘ladi. Biroq belgilangan kun kelganida, arzimas bahonalarni ro‘kach qilib, yana xotinini uyda qoldiradi va o‘zi shaharga ketadi. Oradan vaqt o‘tib, Malikaning sog‘lig‘i yomonlashadi. Shifokorlar uni zudlik bilan poytaxtga olib borish zarurligini Barotga tushuntirishadi. Nihoyat, Malika uzoq yillardan beri orzu qilganidek eri bilan poytaxt tomon yo‘lga chiqadi. Ammo bu endi avvalgi Malika emas edi. U qattiq og‘riqlarga chiday turib ham, dardini eriga sezdirmaslikka harakat qiladi.Afsuski, u poytaxtga yetib bora olmaydi. Mashinaning orqa o‘rindig‘ida ketayotgan Malika yo‘lda jon beradi. Bundan bexabar Barot esa umrida aytmagan shirin so‘zlarini aytishda davom etadi. Afsuski, Malika bu so‘zlarni endi eshita olmas edi. Xotinining vafot etganini anglagan Barot qattiq iztirobga tushadi. Yig‘lagancha ortga qaytadi va umr bo‘yi Malikaning qadriga yetmaganini anglab, o‘zini hech qachon kechira olmaydi.
O‘zbekiston, Biz Media,
Rasulxon Qodirxonov, Shaxsanem Abdijamilova, Vazira Yunusova, Dilafruz Mameshova, Maftuna Ahmadaliyeva, Asror Eminov, Kamila Aminova, Mirjan Mansurov, Shahlo Abdug'aniyeva, Mashhura Obidjonova


































































































































