
Zilola sho‘x-shaddod, biroz erkakshoda qiz. U ota-onasidan erta ayrilgan, hayotning qiyinchiliklarini ko‘rib katta bo‘lgan. Zilola kichkinaligidan mashina haydashni o‘rgangan bo‘lib, dadasidan qolgan eski mashinada kira qilib yuradi.
Bahrom aka shahardagi eng boy odamlardan biri. Zilola uning oilasiga shaxsiy haydovchi bo‘lib ishga kiradi. Ukasi maktab o‘quvchisi bo‘lgani uchun ro‘zg‘orni Zilola eplab turadi.
Zilolaning onasi bilan yashagan davrlari va boshidan kechirgan qiyinchiliklari retro kadrlarda ko‘rsatib o‘tiladi. Onasi o‘limidan oldin Zilolaning qo‘liga xat tutqazib:
— Men otasiga oq bo‘lgan sho‘rpeshona qizman. Bu yerda bobongning manzili yozilgan. Uni qidirib topib, mana shu maktubni unga ber, — deb vasiyat qilgan bo‘ladi.
Zilola aynan shu xat sabab Bahrom akaning uyiga ishga kirgan bo‘ladi. Aslida, Bahrom aka — Zilolaning bobosi.
Zilola avvaliga bobosini onasini kechirmaganlikda ayblaydi va undan qasos olish uchun rejalar tuzadi. Lekin vaqt o‘tishi bilan oila a’zolarining Bahrom akani yomon ko‘rishini, unga yaxshi munosabatda bo‘lmasligini va ularning asosiy maqsadi faqat meros ekanini sezib qoladi. Shundan so‘ng Zilola Bahrom akaga achina boshlaydi.
Bahrom akaning kasalligi sabab ahvoli og‘irlashadi. O‘g‘li va kelini esa hech narsa bo‘lmagandek, uni yolg‘iz qoldirib, safarga jo‘nab ketishadi. Zilola Bahrom akadan xabar olib turadi va ahvoli yomonlashganini ko‘rib, shifokor chaqiradi.
Bahrom aka tuzalgach, Zilola unga onasining maktubini beradi va uydan chiqib ketadi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Bahrom aka nabiralarini izlab keladi. O‘g‘li va uning oilasini chet elga jo‘natib yuborib, o‘zi nabiralari bilan birga yashay boshlaydi.
Shahsenem Abdujamilova, Sardor Nurmurodov, Abdulaziz Nosirov, Feruza Mustayeva, Rustam Karimov, Muharram Abduhalilova, Shohida Usmonova, Abror Mallaboyev, Shavkat Xubbimov, Sultonbek Bo‘ronov, Mohiniso Roziqova.








































































































































































































































