
Farrux ishxonasiga yangi kelgan xodim Dilnozani yoqtirib qoladi. Unga yangi ishiga moslashishda yordam beradi va ko‘nglini olish uchun bildirmasdan goh uyiga, goh ishxonasiga gul va shirinliklar yuborib turadi. Dilnoza esa bularni turmush o‘rtog‘i Akmaldan deb o‘ylab, xursand bo‘ladi.
Vaqt o‘tib, Farrux Dilnozaning oilali ekanini bilib qoladi va qattiq g‘azablanadi. U qanday qilib bo‘lmasin, Dilnozani eridan ajratib, o‘ziniki qilishga qaror qiladi. Akmal Farruxning otasi qo‘lida ishlashini bilib qolgan Farrux otasi orqali uni ikki haftaga chet elga xizmat safariga yuboradi.
Shu vaqt oralig‘ida Dilnozaga noma’lum raqamlardan turli xabarlar va tahdidlar kela boshlaydi. Dilnoza gullar ham eridan emasligini bilib, xavotirga tushadi. Ammo bularning ortida Farrux turgani xayoliga ham kelmaydi, chunki u ishxonada o‘zini juda yaxshi tutib yuradi.
Akmal safardan qaytgach, voqealardan xabar topadi. Ko‘p o‘tmay, Dilnozaga: “Ering bilan ajrashib, meniki bo‘lmasang, ering umrini qamoqda o‘tkazadi”, degan tahdidli xabar keladi. Qo‘rqqan Dilnoza hammasini Akmalga aytishga qaror qiladi. Biroq Akmal jahli chiqib, uni boshqalardan sovg‘a-salom olib yurishda ayblab, uydan haydab yuboradi.
Farrux esa yomon niyatini amalga oshirish uchun otasining ishxonasidagi Sardor ismli xodim bilan til biriktirib, hisobotlarni soxtalashtiradi. Ammo Akmal hujjatlarni qayta tekshirish odatiga ega bo‘lgani uchun o‘zgarishlarni payqab qoladi. Hisobotlarga faqat uning ishonchli yordamchisi Sardor kira olishini bilgan Akmal undan haqiqatni so‘raydi.
Sardor bolasining davolanishi uchun pulga muhtoj bo‘lganini va Farrux unga pul taklif qilib, shu ishni buyurganini tan oladi. Akmal bo‘lgan voqealarni Farruxning otasiga aytadi. Otasi o‘g‘lidan buning sababini so‘raganida, Farrux hammasini tan oladi.
Shu orada Dilnoza shifoxonaga tushadi va homilador ekanini biladi. Bu xushxabar Akmalning fikrini o‘zgartiradi va u Dilnozani kechiradi.
Farrux esa qilgan ishlarining oqibatidan qochib qutula olmaydi va avtohalokatda vafot etadi.
Kumush Zakirova, Sanjar Nomozov, Shoxnur Saydahmadov, Nodira Murtazayeva, Sherzod Pirmatov, Ilhom Ostonov, Mansur Egamberdiyev, Shaxlo Ahmadjonova








































































































































































































































