
Nigora eri Alisher va besh yoshli o‘g‘li bilan baxtli va shirin hayot kechirardi. Oiladagi mehr-oqibat va tinchlik havas qilsa arzigulik edi. Kunlarning birida Nigoraning dugonasi Barno ularning uyiga mehmonga keladi. Shu payt Nigora onasining mazasi bo‘lmayotgani haqida xabar oladi va uni ko‘rish uchun Chinozga yo‘l oladi. Biroq yo‘lda dahshatli avariyaga uchrab, hayotdan ko‘z yumadi.
Nigoraning o‘limi uning oilasi uchun og‘ir fojiaga aylanadi. Ammo uning ruhi bu dunyoni tark eta olmay, eri Alisher va o‘g‘lining yonida qoladi. Avvaliga hech kim uning ruhini sezmaydi. Vaqt o‘tishi bilan uyda g‘alati hodisalar sodir bo‘la boshlaydi. Nigora esa oilasini kimdan himoya qilishi kerakligini anglaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu avariya tasodif emas edi. Barno anchadan beri Alisherni sevib, dugonasining o‘rnini egallashni istardi. Shu sababli Nigoraning Chinozga ketishi va yo‘lda halokatga uchrashi aynan Barno tomonidan oldindan uyushtirilgan bo‘ladi. Uning asl maqsadi Nigora yo‘qolganidan keyin Alisherga turmushga chiqib, uning oilasiga ega bo‘lish edi.
Biroq Barno o‘z jinoyatidan so‘ng tinch hayot kechira olmaydi. Nigoraning ruhi uning oldida paydo bo‘lib, qilgan jinoyatini eslatadi va undan qasos ola boshlaydi. Barno tobora kuchli qo‘rquv va vijdon azobida qoladi. Oxir-oqibat, u Nigoraning ruhi oldida barcha kirdikorlarini bo‘yniga oladi va dugonasining o‘limiga aynan o‘zi sababchi bo‘lganini tan oladi.
Nigoraning ruhi qasosini olgach, eri va farzandining xavfsiz ekaniga ishonch hosil qiladi. U o‘g‘lini so‘nggi bor kuzatib, oilasi bilan xayrlashadi va nihoyat bu dunyoni tark etadi. Ammo uning muhabbati va onalik mehri oilasi qalbida abadiy qoladi.
Mahfuza Bobotillayeva, Shaxsanem Abidjamilova, Shohnur Saydahmadov, Muxlisa Boboqulova, Muhammadbilol Karimov, Zarif Xasanov, Manzura Hamidova, Jaxongir Xojmatov, Xurshida Yo‘ldosheva, Baxtiyor Komilov, Gulzira Sulaymonova, Shahnoza Maxkamova.








































































































































































































































