
Charos — aqlli, tartibli, ziyoli oilada ulg‘aygan, o‘qishga jiddiy qaraydigan va fan olimpiadalarida muntazam yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan qiz. Ota-onasi uning tarbiyasi va kelajagiga katta e’tibor beradi. Ammo bitta tasodif Charosning hayotini butunlay o‘zgartirib yuboradi.
U Bobur ismli yigitni yoqtirib qoladi va u bilan yashirincha uchrasha boshlaydi. Avvaliga maktabdan keyin ko‘rishishsa, keyinchalik Charos darslardan qochadigan, o‘zini tutishi va kiyinishini o‘zgartiradigan bo‘ladi. Ota-onasi bu holatni o‘smirlikdagi vaqtinchalik o‘zgarish deb o‘ylaydi.
Bir kuni Bobur Charosni uchrashuvga chaqiradi. Yo‘lda qizni to‘rt nafar yigit majburan mashinaga solib, olib ketadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu o‘g‘irlash oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, Bobur ham pul evaziga Charosning ishonchiga kirib, uni belgilangan joyga olib kelgan.
Charos eski binoda asirlikda qoladi. Uyidagilar qizni izlay boshlaydi, qarindoshlar esa turli gap-so‘zlar tarqatadi. Onasi Nafisa opa esa qiziga ishonishini aytib, eng muhimi uning sog‘-omon qaytishi ekanini ta’kidlaydi. Otasi To‘lqin aka ichki ishlar organlariga murojaat qiladi.
Charos tasodifan Boburning o‘g‘rilar boshlig‘i Asqar bilan gaplashayotganini ko‘rib, haqiqatni bilib qoladi. U birinchi marta chin dildan ishongan insoni aslida undan foydalanganini tushunib, qattiq iztirobga tushadi.
O‘g‘rilar Charosning oilasidan pul talab qilishadi. To‘lqin aka qizining hayoti uchun pul berishga tayyor bo‘ladi. Bobur esa uyiga qaytgach, qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, Charosni chindan ham sevib qolganini anglaydi. Asqar pulni olgach ham qizni qo‘yib yubormaganini bilgan Bobur unga qarshi chiqadi.
Bobur Charosning ota-onasi oldiga borib, qizning qayerda ekanini bilishini aytadi. Dastlab ular Boburni ham jinoyatchilardan biri deb o‘ylashadi. Bobur esa aybini tan olib, avvalo Charosni qutqarishga yordam berishini so‘raydi.
Bobur va To‘lqin aka Charos saqlanayotgan joyga borishadi. Asqar va uning sheriklari bilan to‘qnashuv boshlanadi. Vaziyat og‘irlashgan paytda ichki ishlar xodimlari yetib kelib, jinoyatchilarni qo‘lga olishadi. Bobur ham jinoyatdagi ishtiroki uchun javobgarlikka tortiladi.
Charos uyiga qaytgach, odamlarning gap-so‘zlari va boshidan kechirgan voqealari sabab jamiyatdan uzoqlashib, o‘qishni ham tashlamoqchi bo‘ladi. U endi hech kim unga ishonmasligini o‘ylaydi.
Shunda uni yaxshi ko‘radigan o‘qituvchisi Laylo kelib, Charosga oldidagi katta maqsadlarini eslatadi. U xalqaro olimpiadaga chiqish arafasida taslim bo‘lmasligi kerakligini aytadi.
Olimpiadaga oz vaqt qolganida hamma Charos qatnashmaydi deb o‘ylayotgan paytda, u kutilmaganda sinfga kirib keladi va musobaqada o‘zi qatnashishini aytadi.
Film o‘smirlikdagi bitta noto‘g‘ri qaror inson hayotini qanchalik o‘zgartirishi mumkinligini, jamiyatdagi gap-so‘zlarning ruhiy ta’sirini va hayotda sinovlardan keyin ham asosiy maqsaddan voz kechmaslik kerakligini yoritadi.
Sara Mansurova, Temur Komilov, Umid Sobirov, Dilnoza Isoqova, Abdulloh Masudov, Jamoliddin Toshpo‘latov, Abdulaziz Jalilov, Nodira Murtazayeva, Dildora Umarova, Oyatilloh Ortiqov, Asrorbek Hasanov, Abror Qobulov, Doston Raimov








































































































































































































































