
Ushbu film dramatik komediya janrida bo‘lib, Zarina, Zulfiya va Nafisa ismli uch dugonaning hayoti haqida hikoya qiladi. Ularning har biri turli sabablar tufayli yolg‘iz qolgan: birining ota-onasi yoshligida vafot etgan, biri aldangan, yana birining esa oilasi buzilgan. Uchala qiz bir uyda ijarada yashaydi.
Qizlar pul topishning oson yo‘lini izlab, turli firibgarliklar uyushtira boshlashadi. Ular asosan sodda va badavlat odamlarni aldab, pullarini qo‘lga kiritishadi. Halol va oddiy insonlarga esa tegishmaslikka harakat qilishadi.
Film boshida Zarina AYOQSH oldida qimmatbaho uzugini yo‘qotib qo‘ygandek ko‘rinish beradi. Unga yordam bermoqchi bo‘lgan sotuvchi yigitga uzukni topib bergan odamga 2000 dollar mukofot berishini aytadi. Birozdan so‘ng Zarina dugonalari bilan rejalashtirgan hiyla orqali yigitga soxta uzukni 800 dollarga sotishga muvaffaq bo‘ladi. Yigit esa aldanganini keyinchalik tushunadi.
Oradan vaqt o‘tib, Zulfiya akasining katta qarzga botib qolganini biladi. Agar qarz to‘lanmasa, oilaning uyi tortib olinishi mumkin edi. Dugonalar Zulfiya oilasiga yordam berish uchun kattaroq firibgarlik uyushtirishga qaror qilishadi.
Ular restoran egasini nishonga olishadi. Qizlardan biri u yerga ofitsiant bo‘lib ishga kirib, restoran egasi haqidagi ma’lumotlarni dugonalariga yetkazib turadi. Zarina esa o‘zini badavlat qiz sifatida ko‘rsatib, restoran egasi bilan yaqinlashadi. Natijada ular undan aldov yo‘li bilan 28 ming dollar olishadi.
Keyinchalik qizlar restoran egasining xotinidan qo‘rqishini va biznesining katta qismi qaynotasining mablag‘i hisobiga qurilganini bilib qolishadi. Zarina bilan tushgan suratlari orqali uni qo‘rqitib, yana pul olishga muvaffaq bo‘lishadi.
Turli firibgarliklar bilan kun kechirib yurgan qizlar film yakunida Guli ismli ayolga duch kelishadi. Guli yosh qizlarni aldab, chet elga sotish bilan shug‘ullanadi. Dugonalar undan ham ayyorroq reja tuzishadi: qizlardan biri ikkinchisini go‘yoki Guliga sotadi. “Sotilgan” qiz uning uyida yashab, barcha ma’lumotlarni dugonalariga yetkazib turadi.
Oxir-oqibat qizlar Gulini aldab, uning pullarini qo‘lga kiritish bilan birga, uni ichki ishlar xodimlariga topshirishadi. Shundan so‘ng ular firibgarlikni tashlab, halol mehnat bilan yashashga qaror qilishadi.
Filmning asosiy g‘oyasi yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, ota-onalarni farzand tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishga chaqirish, shuningdek, firibgarlardan ehtiyot bo‘lish, begona insonlarga ortiqcha ishonmaslik va oilaga xiyonat qilmaslik kabi mavzularni yoritishdan iborat.
Sug‘diyona Ubaydullayeva, Maftuna Ahmadaliyeva, Nurjaxon Xaydarova, Parviz Qayumov, Zaxro Mamadaliyeva, Mansur Holmatov, Sardor Nurmurodov, Muharram Abduhalilova, Otabek Uskanov, Xondamir Niyozov








































































































































































































































