
Samira farovon oilada yashaydigan, hech narsaga muhtoj bo‘lmagan ayol. Uning eri — tajribali va obro‘li jarroh. U o‘z kasbiga nihoyatda mas’uliyat bilan qaraydi: bemorlarning hayoti uning qo‘lida bo‘lgani uchun ishini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Oilaning moddiy tomondan hech qanday muammosi yo‘q. Chiroyli uy, yaxshi mashina, sayohatlar, qimmatbaho kiyimlar — Samiraning istagan narsasi muhayyo. Ammo uning qalbida hech kim ko‘rmaydigan bo‘shliq paydo bo‘lgan.
Samira erining unga vaqt ajratmasligidan tobora ko‘proq norozi bo‘la boshlaydi. Eri uyga charchab keladi, ba’zan telefon orqali shifoxonadagi muammolarni hal qiladi, ba’zan esa shoshilinch chaqiruv bilan yana ishga ketadi. Samira esa uning yonida o‘tirib, suhbatlashishni, birga vaqt o‘tkazishni, oddiygina e’tibor va mehrni istaydi.Avvaliga uning nolishlari mayda gapdek tuyuladi. Ammo vaqt o‘tgan sari bu norozilik ichki alamga aylanadi. Samira o‘zini go‘yo chiroyli qafasda yashayotgandek his qila boshlaydi. Uningcha, eri unga hamma narsani berib qo‘ygan, faqat o‘zini bermagan.
Bir kuni Samira eriga hayotini o‘zgartirmoqchi ekanini aytadi. U uyda bekor o‘tirishdan zerikkanini, ishlashni, odamlar orasiga chiqishni va o‘zini boshqa tomondan sinab ko‘rishni xohlashini bildiradi. Ayniqsa, kiyim-kechak do‘konida ishlashni istayotganini aytadi.Eri bunga qarshi chiqadi. U Samiraga moddiy ehtiyoj yo‘qligini, uning ishlashiga qarshi emasligini, ammo kiyim do‘konida fotomodel sifatida ishlashini ma’qullamasligini aytadi. Eri uchun ayolining tanasi va suratlari reklama vositasiga aylanishi, ayniqsa ochiq kiyimlarda suratga tushishi oilaviy hayotiga mos kelmaydi.
Ammo Samira bu gapni boshqacha qabul qiladi. U erining qarshiligini yana bir bor o‘z hayotini boshqarishga urinish deb tushunadi.
— “Menga pul kerak emas, menga o‘zimni kerakli insondek his qilish kerak”, — deydi u.
Eri esa uning bu qarorini tushunishga harakat qilib, shoshilmaslikni so‘raydi. Lekin Samira o‘z fikridan qaytmaydi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Samira eridan yashirincha kiyim do‘koniga fotomodel bo‘lib ishga kiradi. Dastlab bu ish unga juda yoqadi. Unga e’tibor qaratishadi, yangi kiyimlar kiyadi, suratga tushadi, ijtimoiy tarmoqlarda uning rasmlari tarqala boshlaydi. Samira uzoq vaqt davomida his qilmagan hayajonni boshdan kechiradi.U o‘zini erining soyasida qolib ketgan ayol emas, mustaqil va zamonaviy inson sifatida his qila boshlaydi.
Ammo do‘kon rahbariyati reklama uchun tobora ochiqroq kiyimlarda suratga tushishni taklif qiladi. Samira avvaliga ikkilanadi. Keyinchalik esa “bunda yomon narsa yo‘q” deb o‘zini ishontiradi. Unga yoqimli gaplar aytiladi, suratlari maqtaladi. Samira esa bu e’tibordan zavqlanadi.Bir kuni uning kalta va ochiq kiyimlarda tushgan suratlari internetga joylanadi. Suratlar kutilmaganda juda tez tarqalib ketadi. Ularni yuzlab, minglab odamlar ko‘radi. Ayrimlar maqtaydi, ayrimlar esa salbiy fikr bildiradi. Eng yomoni, bu suratlar Samiraning eri ishlaydigan shifoxonadagi hamkasblarigacha yetib boradi.
Jarroh suratlarni ko‘rib, qattiq larzaga tushadi.
U avvaliga g‘azab bilan emas, alam bilan sukut saqlaydi. Chunki u Samiraning bu ishga kirganini undan yashirganini bilib, o‘zini oilasidan uzoqlashib ketgandek his qiladi.
Uyga kelgach, ular o‘rtasida og‘ir suhbat bo‘ladi. Eri Samiradan nega buni yashirganini so‘raydi. Samira esa o‘z navbatida yillar davomida uning e’tiborini kutganini, ammo eri buni sezmaganini aytib, o‘zini oqlaydi.
Janjal avjiga chiqadi.
Eri Samiraga agar u bu ishni to‘xtatmasa, ajrashishga majbur bo‘lishini aytadi. Bu gap Samirani larzaga soladi. Chunki u erining bunday keskin qarorga borishini kutmagan edi.
Ammo g‘ururi sabab Samira ortga chekinmaydi.
U o‘zini eridan ko‘ra ko‘proq tushunadigan odam izlay boshlaydi. Shu paytda u g‘alati xarakterli, o‘zini “psixolog” deb tanishtiradigan bir inson bilan tanishadi. Bu odam odamlarning oilaviy muammolarini hal qilish o‘rniga ularning zaif joylarini yanada kuchaytiradigan, o‘ziga xos va telbanamo fikrlarga ega shaxs bo‘ladi.
Psixolog Samiraga eridan ajrashishni maslahat beradi. Uning fikricha, ayol hech
qachon erkakning talabiga bo‘ysunmasligi, o‘z hayotini o‘zi belgilashi kerak. U Samiraning barcha muammolarini erining ishga berilib ketgani bilan bog‘laydi va “Siz o‘zingiz uchun yashashingiz kerak”, deya uni ajrashishga undaydi.
Samira uning gaplariga tobora ko‘proq ishonib boradi.
U eriga ajrashmoqchi ekanini aytadi.
Bu xabar erini qattiq ranjitadi. Ammo u Samirani haqorat qilmaydi, tahdid qilmaydi va qasos olishga urinmaydi. Aksincha, u xotini bilan oxirgi marta tinchgina gaplashishga harakat qiladi. Samira esa uning gaplarini tinglashni istamaydi.
Shu paytdan boshlab ularning hayotida ajralish jarayoni boshlanadi.
Samira uyidagi buyumlarni yig‘ishtira boshlaydi. Ammo yolg‘iz qolganida ichki savollar uni qiynay boshlaydi. “Men aslida nimani xohlayapman?”, “Erim menga yomonlik qildimi?”, “Men uning e’tiborini istaganim uchunmi yoki boshqalarning e’tiborini istaganim uchunmi bu ishni qildim?” degan savollar paydo bo‘ladi.
Asta-sekin Samira erining hayotidagi ko‘rinmaydigan mehnatini anglay boshlaydi.
U eri kechalari navbatchilikda qolib, boshqa insonlarning hayotini saqlab qolganini eslaydi. Bir necha yil oldin Samiraning yaqinlaridan biri og‘ir kasal bo‘lganida, eri kun-u tun uning yonida bo‘lganini eslaydi. U o‘z oilasiga hech qachon xiyonat qilmaganini, ortiqcha hashamat ortidan quvmaganini, barcha mehnatini oilasi uchun qilganini tushunib boradi.
Eng muhimi, Samira eridan talab qilgan “e’tibor”ning aslida boshqa shaklda berib kelinganini anglaydi.
Eri unga qimmatbaho narsalar olib bergani uchun emas, har kuni uning tinchligi uchun mehnat qilgani uchun yaxshi turmush o‘rtoq bo‘lgan.
Finalga yaqin Samira psixologning oldiga yana boradi. Bu safar u undan ajrashish haqida emas, o‘z xatosi haqida gapiradi. Psixolog esa yana uni ajrashishga undaydi. Shunda Samira nihoyat bu inson uning muammosini hal qilishga emas, oilasini buzishga undayotganini anglaydi.
U psixologning maslahatlarini rad etadi.
Samira uyiga qaytadi.
Eri esa hanuz uning qarorini kutayotgan bo‘ladi. U Samirani majburlamaydi. Hatto ajrashish qarori o‘zgarmasa ham, uning hayotiga aralashmasligini aytadi.
Shu payt Samira ko‘z yoshlarini tiyolmaydi.
U eridan kechirim so‘raydi. Lekin kechirim so‘rash bilan birga, o‘zining ham e’tibor va mehrga ehtiyoji bo‘lganini aytadi. Eri ham xatosini tan oladi: u oilasining moddiy ta’minotini ta’minlash bilan o‘z vazifasini bajardim deb o‘ylagan, ammo xotiniga vaqt ajratish ham shunchalik muhimligini kech tushunganini aytadi.
Ular bir-birini ayblash o‘rniga bir-birini tushunishga harakat qiladi.
Samira o‘z hayotidagi asosiy muammo kiyim do‘konida ishlagani ham, suratga tushgani ham emasligini tushunadi. Asosiy muammo — u o‘zining ichki bo‘shligini tashqi e’tibor bilan to‘ldirishga uringanida bo‘lgan.
Eri esa Samiraning faqat uyda o‘tirib, uni kutib yashaydigan ayol emasligini anglaydi. Unga ham o‘z qiziqishlari, orzulari va hayoti kerakligini tushunadi.
Film yakunida ular munosabatlarini yangidan qurishga qaror qilishadi. Eri ishidan vaqt ajratib, Samira bilan birga sayrga chiqadi. Samira esa o‘z navbatida erining kasbi va mas’uliyatini tushunishni boshlaydi.
So‘nggi sahnada Samira erining operatsiyaga shoshayotganini ko‘radi. Avvalgidek undan ranjib qolmaydi. Aksincha, unga omad tilab, “Bemorlaringiz sizni kutyapti”, deya jilmayadi.
Eri esa ketishdan oldin Samiraning qo‘lidan ushlab:
— “Bugun kechqurun faqat sen bilan bo‘laman”, — deydi.
Samira uning ortidan qarab qoladi.
U nihoyat bir narsani anglab yetadi: ba’zan inson yonidagi yaxshilikni yo‘qotish arafasiga kelmaguncha uning qadriga yetmaydi.
Samira eri mukammal inson emasligini, ammo uni chin dildan sevuvchi, oilasi uchun kurashuvchi va eng muhimi, yaxshi turmush o‘rtoq ekanini tushunib yetadi.
Dilnoza Parpiyeva, Shoxruz Ismoilov, Komila Davronova, Masuda Otajonova, Nodira Mahmudova, Diyora Ismoilova, Dilafruz Usmonova, Shaxrizoda Shakirova, Shaxlo Axmadjonova, Zaxro Mamataliyeva, Nozigul Barziyeva, To‘lqin Niyozov, Usen Urdabayev, Shaxrizoda Abdushukurova.








































































































































































































































