
Murod va Ziyoda — o‘n yildan beri turmush qurgan, sakkiz yoshli qizchasini tarbiyalayotgan oddiy oila. Murod tabiatan haddan tashqari tejamkor, hatto ziqna darajasiga yetgan odam. U pulni asrashni hayot falsafasi deb biladi. Ziyoda esa, aksincha, romantik, orzu-havasli ayol. U hayotdan kichik quvonchlar, e’tibor va samimiylik kutadi, ammo erining sovuqqonligi sabab bu orzular yillar davomida amalga oshmay keladi.
Kunlarning birida Murod avtohalokatga uchraydi va vaqtincha xotirasini yo‘qotadi. U o‘zining qanday inson bo‘lganini eslay olmaydi. Shu vaziyatdan foydalangan Ziyoda eriga ularning oilasi doimo romantik, quvnoq va qo‘li ochiq hayot kechirib kelganini aytadi. U Murodni butunlay boshqacha inson sifatida “qayta tanishtira” boshlaydi.
Xotirasini yo‘qotgan Murod asta-sekin o‘zgaradi: u ayoliga sovg‘alar oladi, qiziga vaqt ajratadi, do‘stlari davrasida saxiy va quvnoq odamga aylanadi. Bu holatlar kulgili va iliq vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Murodning do‘stlari uning bunday keskin o‘zgarishidan hayratda qolishadi, ota-onasi esa o‘g‘lining “boshqacha” bo‘lib qolganidan xavotirga tushib, voqealarga faol aralasha boshlaydi.
Vaqt o‘tib, Murodning xotirasi asta-sekin tiklanadi. U avvaliga aldanganini bilib, jahli chiqadi. Ammo yangi hayot tarzi, oiladagi iliqlik va ichki xotirjamlikni avvalgi hayoti bilan solishtirib, muhim bir haqiqatni anglaydi: qo‘li ochiq va mehrli bo‘lib yashash insonni chinakam baxtli qiladi.
Film mazmunli, iliq va umidli yakun bilan tugaydi. Murod o‘tmishdagi xatolarini tan oladi va oilasini yo‘qotmaslik uchun yangi hayot falsafasini tanlaydi.
Gulasal Ahmedova, Aziz Qobulov, Maftuna Jo‘rayeva, Doston Rustamov, Sardor Saydullayev, Xayrulla Inog‘omov, Laylo Najibullayeva, Nasiba Temirova, Shukrona Abdumannonova.








































































































































































































































