
Tergovchi Otabek Murodning xotini Diloromning g‘oyib bo‘lishi bo‘yicha surishtiruv boshlaydi. Murod xotinining yo‘qolgani haqida oradan ikki haftadan ortiq vaqt o‘tib ariza bergan va bu holat tergovchida jiddiy shubha uyg‘otadi. So‘roq paytida Murod juda mahzun, samimiy va o‘zini aybsizdek tutadi. U ayolini oxirgi marta ko‘rganida, ularning ortidan noma’lum, sovuqqon bir erkak ergashib yurganini va xotini bilan urishib qolganidan so‘ng, bir necha kun o‘tib, Dilorom uydan chiqib ketganini aytadi. Biroq mahalla kameralari yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalari Diloromning uydan umuman chiqmaganini ko‘rsatadi. Uyda o‘tkazilgan tintuv natijasida hovliga ko‘milgan pichoq va oshxonadan yo‘qolgan Diloromning telefoni topilgach, Murod nihoyat sirni ochadi. U xotinini himoya qilish uchun noma’lum erkak bilan oshxonada pichoqlashib, uni o‘ldirib qo‘yganini va jasadni gilamga o‘rab, hovliga ko‘mganini tan oladi. Tergov guruhi Murod ko‘rsatgan joyni kavlaganida, hamma dahshatga tushadi: gilam ichidan begona erkak emas, balki Diloromning jasadi chiqadi. Syujet boshi berk ko‘chaga kiradi — Murod aqldan ozayozgan holda xotinining jasadini ko‘rib dod soladi, chunki u chin dildan begona erkakni ko‘mdim, deb o‘ylagan edi. Otabek surishtiruvni chuqurlashtirgach, achchiq haqiqat yuzaga chiqadi. Murodning oilasida tug‘ma latent shizofreniya holati bo‘lib, u bosh og‘rig‘iga qarshi noqonuniy ravishda do‘stidan olib ichib yurgan psixotrop dori bu kasallikni qo‘zg‘atib yuborgan edi. Murodga ergashib yurgan “erkak” aslida besh yil avval qamoqda o‘lgan manyak bo‘lib, uning internetdagi surati Murodning xotirasida qolgan va gallyutsinatsiyaga aylangan. Qotillik kuni oshxonada hech qanday begona erkak bo‘lmagan. Murod vahima va psixoz holatida “ko‘rinmas erkak”dan himoyalanaman deb, o‘z xotinini pichoqlab qo‘ygan. Miyasi bu og‘ir vaziyatdan o‘zini himoya qilish uchun soxta xotira yaratgan: u xotinini emas, begona erkakni ko‘mdim, deb o‘ylagan va uch kun davomida xotinining gallyutsinatsiyasi — gallyutsinator obrazi bilan birga yashagan. Dorining ta’siri tugagach, “Xotinim yo‘qolib qoldi”, deb politsiyaga o‘zi murojaat qilgan. Film finalida psixotrop dorilarni sotgan do‘sti hibsga olinadi. Murod esa o‘z qilmishining dahshatini anglab yetgach, butunlay ruhiy so‘nib, psixiatriya shifoxonasiga joylashtiriladi.
Shahzod Hojiyev, Husan Maqsudov, Elbek Zaripov, Sabina Sodiqova, Mirjamol Mirkarimov, Gulsara Mirkarimova, Olimjon Nematullayev, Alisher Qurbonov, Bunyod Zoirov, Ozodbek Oripov, Shahzoda Usmonova, Yulduz Abdullayeva, Ubaydulla Beknazarov.











































































































































































































































































































