
Mahliyo — hayotda faqat onasiga suyanib yashayotgan 22 yoshli qiz. Uning onasi Omina og‘ir xastalik sabab shifoxonada yotadi. Ammo shifokor onasining zudlik bilan operatsiya qilinishi kerakligini va buning uchun katta mablag‘ zarurligini aytgach, Mahliyo mushkul ahvolda qoladi. U kimdan yordam so‘rashni, kerakli pulni qayerdan topishni bilmaydi.
Shu paytda uning hayotida Omon paydo bo‘ladi. Omon o‘zini oddiy yigit sifatida ko‘rsatadi va Mahliyoga yordam taklif qiladi. Buning evaziga undan o‘ziga turmushga chiqishini so‘raydi. Dastlab bu taklifdan qattiq ranjigan Mahliyo onasining hayoti xavf ostida qolganini o‘ylab, oxir-oqibat rozi bo‘lishga majbur bo‘ladi. Biroq u bu nikoh ortida qanday dahshatli sir yashiringanini tasavvur ham qilmaydi.
To‘y kuni Mahliyo Omon bilan birga uning uyiga emas, boy va badavlat Rustamning xonadoniga olib kelinadi. U bu yerda Omonning g‘alati xatti-harakatlariga guvoh bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay, kelinlik libosida kutib o‘tirgan Mahliyoning oldiga kuyov sifatida Rustam kirib keladi. Qiz dahshatga tushadi. Chunki uning qarshisida turgan odam — uni va onasini uzoq yillar avval tashlab ketgan otasi edi. Rustam esa yillar davomida ko‘rmagan qizini tanimaydi.
Mahliyo bu haqiqatdan qo‘rqib, Rustamning uyidan qochib ketadi. Omon esa Rustamning odamlari tomonidan kaltaklanib, ko‘chaga tashlab ketiladi. Mahliyo uni topib, hayotini saqlab qoladi.
Shunda Omon asl maqsadini ochib beradi: u Rustamning qo‘lida shunchaki ishchi bo‘lib yurmagan. Omon o‘z otasining o‘limi va kompaniyasidan ayrilishida Rustamning qo‘li borligi uchun undan qasos olishni rejalashtirgan edi. Buning uchun unga Rustamning noqonuniy ishlari va moliyaviy jinoyatlarini tasdiqlovchi hujjatlar kerak bo‘ladi.
Mahliyo Omonga yordam berishga qaror qiladi. U Rustamning uyiga qaytib, uning ishonchiga kirishga urinadi. Kechasi esa katta xavf ostida Rustamning maxsus xonasiga kirib, uning jinoyatlarini isbotlovchi hujjatlarni topadi va ularni Omonning qo‘liga yetkazadi.
Nihoyat, Omon Rustamning qarshisida paydo bo‘lib, uning barcha jinoyatlarini fosh qiladi. Hujjatlar allaqachon tegishli organlarga topshirilganini aytadi. G‘azablangan Rustam Mahliyo va Omonni o‘ldirish bilan tahdid qiladi. Shunda Omon unga eng og‘ir haqiqatni aytadi: Mahliyo — Rustamning o‘z qizi. Ancha yillar avval tashlab ketgan qizi endi uning jinoyatlari fosh etilishiga sabab bo‘lgan edi.
Shu payt ichki ishlar xodimlari kirib kelib, Rustamni jinoyatlarda gumon qilinuvchi sifatida qo‘lga oladi.
Vaqt o‘tib, Omon va Mahliyo boshidan kechirgan og‘ir sinovlardan so‘ng munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish imkoniga ega bo‘ladilar.
Asar qasos va adolat qarama-qarshiligi, oilaviy sirlar hamda o‘tmishda qilingan xatolarning inson taqdiriga ta’sirini ko‘rsatadi.
Jasur Bahodirov, Nurjaxon Xaydarova, Samiya Toxirova, Timur Komilov, Alimardon Ziyoviddinov, Dildora Muhammedova, Dilafruz Ahmedova, Gulbahor Nazarova, Kamoliddin Isroilov, Shafoat Mahmudova, Nurjon Berdiyev, Elyorbek Hamroyev, G‘iyosiddin Mo‘minov, Tolib Eshonov, Javohir Karimov.











































































































































































































































































































