
Sait bilan Guli bir-birini sevadi. Ular kursdosh. Sait ko‘rinishidan juda xushmuomala, aqlli yigit. Madaniyatli, boy oiladan. Guli bilan ularni ko‘rganlar rosa havas qilishadi. Kursdoshlari Ikrom ham Gulini yaxshi ko‘radi. Ammo u juda bezori, madaniyatsiz yigit. Ustozlardan ko‘p gap eshitadi. Gulining oilasi o‘rtahol oiladan. Ikrom buvisi bilan yashaydi. Otasi tashlab ketgan, onasi esa turmushga chiqib ketgan. Ikrom o‘qishdan keyin qurilishda ishlagani uchun ko‘pincha darslarini qilmaydi, kiyimlariga ham e’tibor bermay keladi. Bir kuni maoshini oladi. Gulining tug‘ilgan kuni ekanini eshitib qolgani uchun unga chiroyli yumshoq o‘yinchoq sotib oladi. O‘qishga borganida Sait uni gullar va tilla uzuk bilan tabriklayotganini ko‘radi. O‘yinchoqni bermay, ortiga qaytib ketadi. Guli uyiga kelganida mahallasida Ikrom kutib turgan bo‘ladi. Guli unga umidvor bo‘lmasligini aytib, qattiqroq gapiradi. Sait bilan turmush qurishga qaror qilishganini aytadi. Saitning onasi uni uylantirmoqchi bo‘ladi. Sait esa: “Yoqtirganim bor, o‘shanga uylanaman”, deydi. Onasi sovchilikka borganida qizning oilasi unga unchalik ma’qul bo‘lmaydi. Sait aytganini qildirishga o‘rganganligi uchun onasi rozi bo‘ladi. To‘y kuni belgilanadi. Ikrom o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. O‘qishda ham hamma faqat ularning to‘yi haqida gapiradi. Sait to‘yga katta san’atkorlarni taklif qilayotganini aytib maqtanadi. Guli ham osmonlarda uchib yuradi. Ikromning o‘qishga borgisi kelmaydi. Buvisi nega bormayotganini so‘raganida: “Yaxshi o‘qiganim uchun menga ta’til berishdi”, deb hazillashib kuladi. Guli va Sait FHDYOga ariza topshirib qaytishayotganida avtohalokatga uchrashadi. Mashina Guli o‘tirgan tomondan kelib uradi. Guli og‘ir ahvolda yotadi. Hodisaga Sait sababchi bo‘ladi, chunki u yo‘l qoidasini buzgan. Saitning ota-onasi Gulining ota-onasiga: “O‘g‘lim qamalib ketsa, qizingiz nima qiladi?” deyishadi. Gulining ota-onasi da’volari yo‘qligi haqida yozib berishadi. Saitning otasi shifokorlar bilan gaplashadi. Shifokorlar Guli butun umr yurolmay qolganini aytishadi. Saitning otasi xotini bilan maslahatlashadi. “Falonchi boyning kelini nogiron ekan, deyishadi. Kerak emas”, deydi. O‘g‘liga esa undan voz kechishni aytishadi. Sait: “Qanday qilib voz kechaman? Men sababli nogiron bo‘lib qoldi-ku”, deydi. Otasi bilan onasi unga tushuntirishadi: “Nogiron bilan yashash degani xotiningning aravachasini itarib yurishing, u senga emas, sen unga xizmat qilishing kerak degani”, deyishadi. Sait ham o‘ylanib qoladi. Ikrom uyg‘onadi. Yaqinda Gulining to‘yi ekanini eslab, kursdoshlari guruhda to‘yni muhokama qilishayotgandir, deb asabiylashib Telegramga kiradi va avtohalokat haqida eshitadi. Shoshib chiqib ketadi. Buvisi qayerga ketayotganini so‘raganida indamaydi. Guli onasidan: “Sait akam kelmadilarmi? Ular kelgunlaricha chiroyli bo‘lib turay, pardozimni olib bering”, deydi. Onasi negadir Sait ham, uning uyidagilar ham kelmay qolganini aytadi. Ikrom kirib kelib, Gulidan hol-ahvol so‘raydi. Guli esa: “Ha, senga nima? Ket, hozir Sait akam kelib qolsalar, jahllari chiqadi”, deb uni haydab chiqaradi. Saitga onasi: “To‘yga restoranlar bilan gaplashib qo‘yilgan. Tezlashtirish kerak”, deb dugonasining qizini ko‘rsatadi. Sait u bilan uchrashuvga chiqadi va uylanishga rozi bo‘ladi. Guli har kuni Saitni kutadi. Telefonlari o‘chiq. Onasi: “Menimcha, u uylanish fikridan qaytdi”, deydi. Guli esa: “Yo‘q, Sait akam unaqa nomard emas. Mashinalari pachoq bo‘lgani uchun shu bilan yugurib yurgandirlar”, deydi. Gulining onasi Saitning onasiga telefon qiladi. Onasi: “To‘y bo‘lmaydi. O‘g‘lim qizingiz bilan yashay olmaydi. Boshqa qiz topdik. Aytilgan sanada to‘yi ham bo‘ladi”, deydi. Ikrom shifoxona yo‘lagida o‘tirganida Gulining onasiga ko‘zi tushadi. U kimdandir yig‘lab, dori uchun pul so‘rayotgan bo‘ladi. Ikrom: “Retseptni menga bering”, deb dorilarni olib kelib beradi. Gulining onasi Ikrom haqida aytganida Gulining jahli chiqadi. “Nega uning puliga dori olasiz, oyi? Sait akam eshitsalar, jahllari chiqadi”, deydi. Onasi baqirib yuboradi: “Sait yo‘q! Yo‘q u! Boshqasiga uylanayotgan ekan”, deydi. Guli qotib qoladi, so‘ng o‘kirib yig‘laydi. Shu payt oldiga Ikrom kiradi. Guli narsalarni otib, uni haydab chiqaradi. Ikrom undan voz kechmaydi. Saitning to‘yi kuni Guli Instagramda Saitning qanchalik baxtli ekanini ko‘rib, dodlab yig‘laydi. Yurolmaydigan oyoqlariga urib yig‘laydi. Onasi kelib, uni tinchlantiradi. Shu payt bozorlik ko‘tarib Ikrom kirib keladi. Guli undan: “Meni to‘yxonaga olib boring. Umrimda birinchi marta sizdan nimadir iltimos qilyapman”, deydi. Ikrom rozi bo‘ladi. Guli to‘ydan yor-yor sadolari ostida chiqib kelayotgan Saitni ko‘radi. Sait kulib, kelinning qo‘lidan ushlab olgan bo‘ladi. Sait bir chekkada aravachada o‘tirgan Gulini ko‘rib, ko‘rmaganga oladi. Mashinaga o‘tirib ketadi. Ikrom bilan Guli suv bo‘yida dardlashadi. Ikrom unga dalda beradi. Ular o‘rtasida samimiy suhbat bo‘ladi. Guli yig‘laydi. Guli ovqat yemaydi. Faqat qayg‘uli ayriliq haqidagi qo‘shiqlarni eshitadi. Onasi: “Qo‘ysang-chi, qizim. O‘zingni qiynama”, deydi. Guli: “Sait akam meni qattiq sevardilar, oyi. Osonlikcha tashlab ketadilar, deb o‘ylamagandim”, deydi. Onasi: “Demak, chin dildan sevmagan”, deydi. Saitni xotini kelin salom qilib kutib oladi. Sait u bilan gaplashgisi ham kelmaydi. O‘rniga yotib oladi. Kelin nima qilishini bilmay, qarab qoladi. Ikrom shkafni titadi. U yerdan ro‘molchaga o‘ralgan tillalarni oladi. Buvisining gaplarini eslaydi: “Bu uzukni kelinimga taqasan. Qolganlarini esa juda zarur bo‘lib, boshingga ish tushganda sotarsan, mushkuling oson hal bo‘ladi”. Ikrom tillalarni olib, shifokor ko‘rigiga boradi. Shifokor unga protez oyoqlar haqida tushuntiradi. Sait xotini bilan kelisha olmay, har kuni janjallashadi. U Gulining Instagramini kuzatadi. Guli “Hayot davom etadi, nomard uchun kuyish shart emas”, degan mazmundagi storislar joylaydi. Sait bir kuni Gulining oldiga borib: “Senga uylanaman, hech kimga bildirmasdan”, deydi. Guli unga tarsaki tushiradi. “Yo‘qol, xotiningning oldiga! Men ikkinchi xotinlikka munosib emasman”, deb yig‘laydi. Ikrom Gulini shifokorga olib boradi. Unga protez oyoqlar qo‘yishadi. Guli: “Yana o‘zim yura olyapman... Rahmat”, deb Ikromga yig‘i aralash mehr bilan tikiladi. Sait o‘zini aybdor his qilaveradi. Xotiniga ko‘ngil qo‘ya olmaydi. Sait ichib olib, Gulining uyiga boradi. Shu payt taksida Ikrom bilan Guli keladi. Sait Ikromga: “Nima qilyapsan Gulining yonida?” deb u bilan urishib ketadi. Ikromni yerda yotgan tosh bilan urib, qochib ketadi. Guli boshi qonab, hushidan ketgan Ikromning tepasida dodlab yig‘laydi va tez yordam chaqiradi. Guli Ikromni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi. Uni uxlayapti deb o‘ylab, barcha hislarini gapirib o‘tiradi: “Sizni o‘zimdan uzoqlashtirishga harakat qilayotgandek ko‘ringanim bilan, sizni yo‘qotishdan qo‘rqib qoldim. Qiz bola sevishi emas, sevilishi kerak ekan”, deb yig‘laydi. “Iltimos, o‘zingizga keling. Hech qachon endi sizni xafa qilmayman, ‘ket’ deb narsalarni ham otmayman”, deydi. Shu payt Ikrom ko‘zini ochib: “Va’da berasanmi?” deydi. Guli uyalib ketadi.
Shahzod Hojiyev, Nurjahon Xaydarova, Elbek Zaripov, Gulmira Muhammedova, Ra’no Egamberdiyeva, Gulbahor Dadamirzayeva, Doniyor Rizqiyev, Abubakr Sunnatillayev, Munisa Abdumalikova, Shabnam Xusanova, Otabek Toxirov, Mansur Egamberdiyev.











































































































































































































































































































