
Samiya — qishloqlik soddagina qiz. Onasi ularning yoshligida boshqa bir erkakni sevib qolib, uyidan qochib ketayotganida avtohalokatda vafot etgan. Shundan so‘ng Samiya otasi va akasi bilan yashaydi. Akasi Bilol o‘sha voqeadan keyin ayollarga bo‘lgan ishonchini butunlay yo‘qotgan. Shu sababli singlisini juda qattiq nazorat qiladi. Hatto unga telefon ishlatishga ham ruxsat bermaydi.
Ammo Samiya institutda o‘qishni juda istaydi. Otasining yordami bilan akasidan o‘qishga ruxsat oladi, biroq bitta shart bilan: faqat o‘qishga borib-kelishi, dugonalari bilan ortiqcha sayr qilmasligi va yigitlar bilan umuman muloqot qilmasligi kerak.
Kunlarning birida Samiyaning hayotida Elyor ismli yigit paydo bo‘ladi. Elyor gapga usta, qizlarning ko‘nglini ovlashni qoyillatadigan yigit edi. U Samiyani birinchi marta ko‘rganida do‘stlari bilan garov o‘ynaydi. Samiyaning boshini gap bilan aylantira olmagach, garovda yutqazmaslik uchun uning sumkasini olib qochadi. Samiya esa sumkasini qaytarib olish uchun uning ortidan quvadi. Elyorning do‘stlari vaziyatni bilmagani uchun Samiya haqiqatan ham Elyorning ortidan yugurib yuribdi, deb o‘ylashadi.
Ana shu qiziqarli voqeadan keyin Elyor Samiyani chin dildan sevib qoladi va unga yoqish uchun harakat qila boshlaydi. Bir necha samarasiz urinishlardan so‘ng Samiyaning ham asta-sekin Elyorga ko‘ngli isa boshlaydi.
Bir kuni Samiyaning akasi Bilol shaharga keladi. Samiya akasi bilan o‘tirgan paytda Elyor Bilol uning akasi ekanini bilmasdan, ularning oldiga boradi va Bilol bilan urishib qoladi. Bundan qattiq jahli chiqqan Bilol o‘sha kuniyoq Samiyani qishloqqa olib ketadi.
Ammo Elyor taslim bo‘lmaydi. Samiyaning dugonasi orqali uning uyini topib, qishloqqacha boradi. Bilol uni haydab yuborsa ham, Elyor ketmay, tun bo‘yi ularning ko‘chasida o‘tiradi. Buni ko‘rgan Samiyaning otasi Erkin Elyorni uyga taklif qiladi.
Bilol esa bundan yanada jahli chiqib, Elyorni turli qishloq yumushlari bilan qiynay boshlaydi. U shaharlik yigit bunday ishlarga chiday olmaydi, deb o‘ylaydi. Ammo Elyor ham bo‘sh kelmaydi va barcha sinovlarga bardosh beradi.
Bu orada Bilol Samiyani o‘zining do‘sti Rustamga bermoqchi bo‘ladi. Samiya Rustam bilan uchrashuvga chiqqanida Elyor ularning ortidan boradi va Rustam bilan urishib ketadi. Elyor tanasi ko‘karib, jarohatlangan holda uyga qaytadi.
Samiya Elyorning yaralariga malham qo‘yayotganida Bilol ularni ko‘rib qoladi va vaziyatni noto‘g‘ri tushunadi. U Elyorni haydab yubormoqchi bo‘lgan paytda otasi Erkinning yuragi xuruj qiladi. Elyor unga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatadi. Ko‘p o‘tmay shifokorlar kelib, Erkinni shifoxonaga olib ketishadi.
Oradan vaqt o‘tib, Bilol o‘z do‘sti Rustamni qishloqdagi obro‘si yaxshi bo‘lmagan bir qiz bilan ko‘rib qoladi. Shundan so‘ng Erkin o‘g‘liga: «Elyor yaxshi yigit ekan. Sening barcha sinovlaringga sabr qildi. Meni ham bir o‘limdan saqlab qoldi. Singlingning ham unga ko‘ngli bor. Ularning baxtiga qarshilik qilma», — deydi.
Bu paytda Elyor allaqachon shaharga qaytib ketgan bo‘ladi. Otasining gaplaridan so‘ng Bilolning ham ko‘ngli yumshaydi va Samiyaga shaharga, o‘qishiga qaytishga ruxsat beradi.
Samiya shaharga qaytgach, Elyorning oldiga boradi. Ular yana uchrashishadi. Film Samiya va Elyorning baxtli suhbati bilan yakunlanadi.
Miravaz Solihov, Sanjar Namozov, Sara Mansurova, Asror Hamidov, Xondamir Niyozov, Arofat Abdurahimova, Diyorxo‘ja Bahadirov, Sarvarbek Hakimjonov, Akobir Hamroqulov, Ozodjon Tirkashev, Pulat Qo‘ldoshev, Nozima To‘layeva, Surayyo Mirusmonova, Durdona Nurakova, Zaynab Raimova, Nodira Kenjayeva.











































































































































































































































































































