
Giyohvandlik savdosi endi qorong‘i ko‘chalarda emas, balki xalqaro pochta jo‘natmalari, arzon xizmat haqi evaziga tashilgan yuklar va internet orqali amalga oshirilmoqda. Bu jinoyat zanjirining ko‘rinmaydigan halqalarini fosh etish esa bojxona xodimlarining kasbiy mahorati va fidoyiligini talab qiladi. Film voqealari ikki hamkasb va do‘st — xalqaro aeroportda xizmat qilayotgan tajribali bojxona inspektori Aziz va “Elektron tijorat” bojxona postida xizmat qilayotgan Javohir atrofida rivojlanadi. Ular har kuni yuzlab yo‘lovchilar va minglab jo‘natmalarni tekshirish bilan shug‘ullanadi. Bir qarashda oddiy ko‘ringan ikki holat ularni katta jinoiy tarmoq iziga boshlab boradi. Birinchi voqea — viloyatda yashovchi 22 yoshli Jahongir bilan bog‘liq. Moliyaviy qiyinchiliklar tufayli ish izlab yurgan yigitga ijtimoiy tarmoq orqali noma’lum shaxs murojaat qiladi. Uning nomiga xorijdan kuryerlik jo‘natmasi kelishi, keyin esa uni boshqa odamga topshirishi so‘raladi. Bu xizmat uchun unga 1000 dollar va’da qilinadi. Oson pul ilinjidagi Jahongir rozi bo‘ladi. Ammo jo‘natma bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, uning ichida yashirilgan sintetik narkotik moddalar aniqlanadi. Tergov jarayonida ma’lum bo‘ladiki, Jahongir jo‘natma mazmunidan bexabar bo‘lgan va jinoiy tarmoq tomonidan “tirik adres” sifatida foydalanilgan. Holatni Javohir fosh qiladi. Ikkinchi voqea esa Istanbuldan qaytgan o‘rta yoshli Muhayyo ismli ayol bilan bog‘liq. U aeroportda tanishgan begona bir kishining iltimosiga ko‘ra, 35 dollar evaziga uning sumkasini O‘zbekistonga olib kelishga rozi bo‘ladi. Muhayyo buni oddiy xizmat deb o‘ylaydi. Biroq tekshiruv vaqtida sumkadagi yeryong‘oq qadoqlariga yashirilgan sintetik psixotrop tabletkalar topiladi. Ayol o‘zini oqlashga urinadi, chunki u ham yuk ichidagi narsalardan mutlaqo bexabar bo‘lgan. Holatni Aziz fosh qiladi. Qonun nuqtayi nazaridan har ikki holat alohida huquqbuzarlik sifatida ko‘rilishi mumkin edi. Ishdan so‘ng shunchaki bir piyola choy ustida ko‘rishgan bojxona xodimlari aniqlagan holatlari yuzasidan bir-biriga gapirib berishadi. Ularni bir savol qiynaydi: nega ikki xil odam, ikki xil usul va ikki xil yo‘nalish orqali kelgan narkotiklar bir vaqtning o‘zida aniqlandi? Bu tasodifmi yoki ularning ortida yagona tashkilot turibdimi? Aziz va Javohir rahbariyatining ruxsati bilan tezkor surishtiruvga kirishishadi. Ular jo‘natmalar haqidagi ma’lumotlar, kuzatuv kameralari yozuvlari, telefon raqamlari va internet orqali olib borilgan yozishmalarni tahlil qilishadi. Surishtiruv davomida ma’lum bo‘ladiki, jinoiy guruh maxsus ravishda oson pulga muhtoj yoki ishonuvchan insonlarni tanlab, ulardan “bir martalik vositachi” sifatida foydalanmoqda. Ular hech qachon haqiqiy buyurtmachilarni ko‘rmaydi va ko‘p hollarda jinoyat qurboniga aylanadi. Aziz va Javohir nazorat ostida maxsus operatsiya tashkil qiladi. Jahongir nomiga kelgan jo‘natma va Muhayyo olib kelgan yukni qabul qilib olish uchun keladigan shaxs kuzatuvga olinadi. Operatsiya jarayonida jinoiy tarmoqning mahalliy tashkilotchisi — tashqi ko‘rinishdan muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lib ko‘rinuvchi Kamol aniqlanadi. U ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijdagi sheriklari bilan ishlab, mamlakatga sintetik narkotiklarni kiritish sxemasini yo‘lga qo‘ygan bo‘ladi. Bu qanday sodir bo‘ladi? Aziz va Javohir har ikki holatni tahlil qilar ekan, bir qiziq jihatga e’tibor beradi. Jahongirga kuryerlik jo‘natmasini yuborgan shaxs ham, Muhayyoga sumkani bergan shaxs ham bir xil usuldan foydalangan: haqiqiy qabul qiluvchining izini yashirish uchun bexabar vositachilarni ishlatgan. Jahongir telefonidagi yozishmalar o‘rganilganda, unga topshiriq bergan akkauntga har doim VPN orqali kirilgani aniqlanadi. Biroq akkauntdan bir marta ehtiyotsizlik bilan mahalliy internet tarmog‘i orqali foydalanilgan bo‘ladi. Kibermutaxassislar shu IP manzil orqali shahardagi biznes markazlardan birini aniqlashadi. Muhayyoning ko‘rsatmasi ham muhim dalil beradi. U sumkani bergan erkakning qo‘lida o‘ziga xos logotipli vizitka bo‘lganini eslaydi. Kameralar orqali o‘sha logotip ma’lum bir logistika kompaniyasiga tegishli ekani ma’lum bo‘ladi. Aziz tekshiruvni chuqurlashtirib, logistika kompaniyasi rasman elektron tijorat bilan shug‘ullanishini, ammo uning omboriga xorijdan kelgan ayrim jo‘natmalarning kirib-chiqishi haqidagi hisobotlarda farqlar borligini aniqlaydi. Shundan keyin tezkor kombinatsiya o‘ylab topiladi. Jahongir nomiga kelgan narkotikli jo‘natma rasman musodara qilingani haqida hech kimga xabar berilmaydi. Aksincha, jinoiy tarmoq kuzatuv ostida qoldiriladi. Jahongir esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ladi. Oradan ikki kun o‘tib, unga yana qo‘ng‘iroq keladi: “Yuk keldimi? Uni shahar chetidagi avtomoyka yonidagi axlat qutisiga tashlaysan”. Belgilangan joyga Jahongir chiqadi, ammo atrofda kuzatuv guruhi bo‘ladi. U jo‘natmani axlat qutisiga tashlaydi. Yukni olish uchun kelgan shaxs qo‘lga olinadi. Uning telefonida esa Kamol bilan yozishmalar va pul o‘tkazmalari saqlangan bo‘ladi. Biroq bu hali Kamolni javobgarlikka tortish uchun yetarli emas. Aziz uning harakatlarini yana bir necha kun kuzatadi. Nihoyat, Kamol navbatdagi partiya haqida xorijdagi hamkori bilan uchrashuvga chiqqanida, uning omborida tintuv o‘tkaziladi. Ombordan yeryong‘oq qadoqlari, kuryerlik qutilari uchun soxta hujjatlar, yuzlab qabul qiluvchilar ro‘yxati va kriptovalyuta orqali olingan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar topiladi. Film kulminatsiyasida Aziz Kamolga dalillarni birma-bir ko‘rsatadi: Jahongir bilan bog‘langan akkaunt, avtomoykada ushlangan vositachi, ombordan chiqqan qadoqlar, kuzatuv kameralari yozuvlari va kriptovalyuta hamyoni tarixi. Kamol oxirgi daqiqalargacha o‘zini oqlashga urinadi. Ammo Aziz stol ustiga yeryong‘oq qadog‘ini qo‘yib: “Siz narkotik tashimadingiz. Siz odamlarni tashidingiz. Ularning ishonchini sotib oldingiz”, deydi. Shundan keyin Kamol jinoyatni tan oladi va butun tarmoq fosh etiladi. Ya’ni, Kamol detektiv yo‘l bilan, bosqichma-bosqich olib borilgan surishtiruv natijasida qo‘lga tushadi va bojxona xodimlarining professional mahorati ochib beriladi. Kulminatsiyada aeroport va shaharning turli nuqtalarida kechadigan tezkor tadbirlar natijasida Kamol va uning sheriklari qo‘lga olinadi. Jahongir va Muhayyo esa o‘z vaqtida hushyor bo‘lmaganlari uchun qanday og‘ir oqibatlarga duch kelishlari mumkinligini anglab yetishadi. Film finalida Aziz va Javohir maktablardan birida yoshlar bilan uchrashuvda shunday deydi: “Giyohvandlik savdosi qurol bilan emas, aldov bilan ishlaydi. Ular narkotikni emas, insonning ishonchini tashiydi”. Shu payt ekranda Jahongirning yangi ish boshlagani, Muhayyoning oilasi bag‘riga qaytgani va jinoiy tarmoq fosh etilgani aks etadi. “Oxirgi manzil” — giyohvandlikka qarshi kurash haqidagi detektiv drama bo‘lib, bojxona xodimlarining nafaqat nazoratchi, balki jamiyat xavfsizligini ta’minlovchi muhim qalqon ekanini ochib beradi. Film tomoshabinni bir savol ustida o‘ylashga majbur qiladi: oson pul taklifi ortida nima yashiringan bo‘lishi mumkin?
Bunyod Ro‘zimuhammadov, Husan Maqsudov, Umid Xasanov, Yunusali Abdullayev, Jumagul O‘lmasova, Diyora Ismoilova, Avazbek Xasanov, Firdavs Ziyayev, Otabek Toxirov, Mansur Egamberdiyev, Laziz Orziyev, Farrux Toshpo‘latov, Abdumo‘min Komilov.











































































































































































































































































































