
Maftuna — badavlat oilaning yakkayu yagona qizi, tibbiyot institutining iqtidorli talabasi. Uning hayoti porloq va baxtli ko‘rinadi, ammo kutilmagan tibbiy tahlillar natijasi uning dunyosini ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi: Maftunaga qon saratoni (leykoz) tashxisi qo‘yiladi. U bu dahshatli xabar haqida ota-onasiga aytmaslikka qaror qiladi va faqatgina eng yaqin sirdoshi — kursdosh dugonasi Dilnozaga yoriladi. Maftunaning so‘nggi armoni — kursdoshi Jamshidning muhabbatiga sazovor bo‘lish. Jamshid esa Maftunaga nisbatan sovuq va befarq. Dugonasining so‘nggi kunlarini baxtli o‘tkazishini istagan Dilnoza o‘z tuyg‘ularini qurbon qilib, Jamshid bilan uchrashadi. U yigitga Maftunaning kasalligi va uning so‘nggi istagi haqida aytadi. Shu yerda kutilmagan haqiqat oydinlashadi: Jamshid aslida Dilnozani yaxshi ko‘radi. Biroq Dilnozaning yalinib-yolvorishlaridan so‘ng, Jamshid shart qo‘yadi: “Men Maftunaga uylanaman va uni so‘nggi yo‘lgacha baxtli qilaman, ammo undan keyin sen menga turmushga chiqasan”. Dilnoza dugonasining baxti uchun bu og‘ir shartga rozi bo‘ladi. To‘y bo‘lib o‘tadi. Jamshid Maftunaga g‘amxo‘rlik qila boshlaydi va qizning qalbini zabt etadi. Maftuna o‘zini dunyodagi eng baxtli ayol deb hisoblaydi va Jamshidga kasalligi haqida iqror bo‘ladi. Oradan vaqt o‘tib, Maftuna homilador bo‘lganini biladi. Bu uning hayoti uchun juda xavfli bo‘lsa-da, u farzandini dunyoga keltirishga ahd qiladi. Bir kuni Maftuna Dilnozaning oldiga kelib, uning yuragini tilkalaydigan vasiyat qiladi: “Agar tug‘ruq paytida vafot etsam, farzandimga onalik qilishingni va Jamshidga turmushga chiqishingni so‘rayman”. Dilnoza bu taklifdan dahshatga tushadi va qattiq iztirob chekadi. Maftuna yetti oylik homilasini muddatidan avval dunyoga keltiradi. Shu asnoda Jamshid Dilnozadan kechirim so‘raydi. U yetti oylik turmushi davomida Maftunaning ichki go‘zalligi va irodasini ko‘rib, uni chin dildan sevib qolganini va endi usiz yashay olmasligini tan oladi. Film yakunida mo‘jiza yuz beradi: shifokorlar Maftunaning qon to‘qimalari yangilangani va kasallik butunlay chekinganini ma’lum qilishadi. Onalik baxti va chin muhabbat o‘lim ustidan g‘olib keladi. Dilnoza esa dugonasining sog‘aygani va ularning baxtidan masrur holda, o‘z sevgisini xotiralarga ko‘mib, yangi hayot boshlaydi.
Sabina Ibragimova, Sevilya Hudayberganova, Jasur Bahodirov, Sevilya Jumayeva, Ziyoda Ro‘ziqulova, Iqbol Oshiqov, Botir Kozimjonov, Nigina Ochilova, Sobir Yo‘ldoshev, Dilshod Bo‘tayev, Zarifa Aliqulova, Marjona Davronova, Nozanin Akromova, Shoxsanam Davlatova, Madinabonu Xusanova, Dovud Qayumov, Sherali Umarov, Zakariyo Usanov, Zarif Tagaev, Diyor Yangiboyev.











































































































































































































































































































