
Nilufar turmush o‘rtog‘i Kamol va yetti yoshli qizi Soliha bilan baxtli hayot kechiradi. Kamol yirik korxonada menejer bo‘lib ishlaydi, halolligi va mehnatsevarligi bilan hamkasblari orasida hurmat qozongan. Ammo korxonada moliyaviy tekshiruv boshlangach, direktor o‘z jinoyatlarini yashirish uchun barcha aybni Kamolning zimmasiga yuklaydi. Korrupsiya va boshqa og‘ir jinoyatlarda ayblangan Kamol qamoq jazosiga hukm qilinadi. Erini qutqarish uchun Nilufar bor-yo‘g‘ini sotishga tayyor bo‘ladi. Ammo yashab turgan uy Kamol va uning ukasi Akmalga meros bo‘lib qolgani ma’lum bo‘ladi. Akmal uyni sotishga faqat o‘z ulushini olgan taqdirdagina rozilik beradi. Chorasiz qolgan Nilufar bunga ham ko‘nadi. Uy sotiladi, ammo tushgan pul Kamolga qo‘yilgan tovonning faqat bir qismini qoplaydi. Kamol baribir qamalib ketadi, Nilufar esa qizi bilan uysiz qoladi. Nilufar Akmaldan boshpana so‘raydi, ammo u eshigini yopadi. Yaqin qarindoshlari ham yordam berish o‘rniga Kamolni sharmanda qilganlikda Nilufarni ayblaydilar. Shu og‘ir kunlarda Soliha yurak kasalligiga chalinib, zudlik bilan qimmatbaho operatsiyaga muhtoj ekani ma’lum bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida ham eridan, ham uyidan, ham yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashidan ayrilgan Nilufar hayotning eng og‘ir sinoviga duch keladi. Nilufarga dugonasi Shahnoza qo‘l uzatib, uni uyiga olib keladi va ish bilan ta’minlaydi. Nilufarning tinimsiz mehnati va yangi biznes g‘oyalari qisqa vaqt ichida korxonaga katta foyda keltiradi. Biroq Shahnoza uning ishlanmalarini o‘zlashtirib, rahbariyatga o‘zini muallif qilib ko‘rsatadi. Haqiqatni aytgan Nilufar janjal chiqaradi. Boshliq uni ishdan haydaydi. Oradan vaqt o‘tib, Nilufar yana bir og‘ir haqiqatni eshitadi. Kamol jinoyatchi bo‘lmagan, ammo u bir vaqtlar xotiniga xiyonat qilgan ekan. Bu xabar Nilufarning qalbiga qattiq zarba beradi. U endi hayotini faqat qizi Soliha uchun yashashga qaror qiladi. Chorasiz qolgan Nilufar yoshligida o‘rgangan tikuvchilik hunarini eslaydi. Ijaraga olingan eski omborda tikuvchilik qilib, kiyimlarini bozorda sotishga harakat qiladi. Ilk kunlari hech kim uning mahsulotlarini xarid qilmaydi. Bir kuni uning mehnatini tasodifan tadbirkor Umid ko‘rib qoladi. Nilufarning iqtidoriga ishongan Umid unga tikuvchilik sexi tashkil etishga yordam beradi. Nilufar halol mehnat va matonat bilan o‘z ishini rivojlantiradi. Kichik sex asta-sekin katta korxonaga aylanadi. Bir vaqtlar uni mensimagan, yordam bermagan va hatto haqorat qilgan odamlar endi uning eshigini qoqib, ish va yordam so‘rab kelishadi. Nilufar ularga nisbatan nafrat saqlamasa-da, har kim o‘z qilmishi uchun javob berishini tushunadi. Bu orada Soliha uchun zarur mablag‘ to‘planadi va qizaloqning operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tadi. Soliha sog‘ayib, Nilufarning hayotiga yana nur qaytadi. Umid esa vaqt o‘tishi bilan Nilufarga mehr qo‘yadi va uning ham qalbida o‘z o‘rni bor deb o‘ylay boshlaydi. Bir kuni Umid qo‘lida gul bilan Nilufarga muhabbat izhor qilish uchun bog‘ga keladi. Xuddi shu lahzada qamoqdan oqlanib chiqqan Kamol ham paydo bo‘ladi. Uni ko‘rgan Soliha ko‘zlariga ishonmay, «Dada!» deb yugurib borib, bag‘riga tashlanadi. Bu manzara Nilufarning qalbidagi alam, mehr va sog‘inchni bir lahzada uyg‘otadi. U Kamolning bir vaqtlar qilgan xiyonatini eslasa-da, qizining baxtini ko‘rib, ko‘ngli yumshaydi. Umid vaziyatni tushunib, qo‘lidagi gulni yashiradi. Nilufar esa Kamolga Umidni sex rahbari sifatida tanishtirib, «Soliha sog‘aygani uchun gul olib kelibdi», deydi. Umid hech narsa demasdan jilmayib, ortiga qaytib ketadi. Kamol esa Nilufarning nigohlaridan uning hamma haqiqatni bilganini his qiladi. U o‘zini aybdor sezadi, ammo oilasini qayta yo‘qotmaslik uchun ishonchni qayta qozonishi kerakligini anglaydi. Film Nilufar, Kamol va Solihaning birga yo‘lda ketishi bilan yakunlanadi. Ular ortda qolgan og‘ir kunlardan keyin nihoyat yorug‘ kunlar sari qadam tashlay boshlaydilar.
Feruza Jumaniyozova, Madina O‘tkirова, Jahongir Qo‘chqorov, Akromxon Turg‘unov, Mirzatilla Shonazarov, Nozigul Barziyeva, Baxtiyor Komilov, Bahrom Inog‘omov, Ilhom Ostonov, Usen Urdaboyev, Maryam Hamzayeva, Sardor Karimov.











































































































































































































































































































