
Nozima ruhiy kasalliklar shifoxonasi hovlisida qo‘li qaltirab, o‘zini yo‘qotgan holatda yuribdi. Hamshira uning oldiga kelib, eri ko‘rishga kelganini aytadi va uchrashuv xonasiga olib boradi. Ayol esa bunga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Ular yonma-yon o‘tirgan zahoti voqealar o‘n yil ortga qaytadi. Yosh qiz turmushga chiqishni istamaydi, ammo sovchilar “yaxshi oila” degani uchun oilasi tomonidan majburan erga beriladi. To‘ydan so‘ng erining giyohvand ekanini bilib qoladi, biroq bu haqda boshqalarga aytishi taqiqlanadi. Eri va uning oilasi tomonidan doimiy kamsitish, ayblov va bosim ostida qolgan ayol asta-sekin ichki muvozanatini yo‘qota boshlaydi — qo‘llari qaltirab, asablari taranglashadi. Bir kuni eri bilan qattiq janjaldan so‘ng, hali ham hissiyotlarini boshqara olmay turgan paytda qizchasi o‘ynab xonaga kirib keladi. Ayol undan jim bo‘lishini so‘raydi, qiz esa eshitmagandek o‘ynashda davom etadi. Jahl ustida ayol uni yengil turtib yuboradi, qiz muvozanatini yo‘qotib, karavotning o‘tkir chetiga uriladi. Dahshatga tushgan ayolning allaqachon charchagan asablari o‘sha yerda tamoman dosh bermaydi — bu uning “jinni” deb topilishining birinchi sababiga aylanadi. Oila uni shifoxonaga yotqizadi. Shu kundan boshlab hech kim — na eri, na o‘z oilasi — unga ishonmay qo‘yadi. Ayol yanada yopiq va agressiv bo‘lib boradi, qiziga yaqinlasha olmaydi, ammo qizi uning yagona tayanchi bo‘lib qoladi. Eri ajrashish uchun ariza beradi va bolani unga hech qachon bermasligini aytadi. Ayolning oilasi ham: “Sen unga qaray olmaysan, qizing ering bilan qolgani yaxshi”, deb unga qarshi chiqadi. Ayol ularga qarshi birinchi marta ovozini ko‘taradi: “Meni shu holga siz keltirdingiz!” Shifoxonadan chiqa olmasligini bilsa-da, qiziga yana zarar yetkazishdan qo‘rqsa-da, “jinni onaning qizi” degan tamg‘a qiziga ham yopishishini o‘ylab, kurashishga qaror qiladi. Buning uchun avvalo qizining uni kechira olishini bilishi kerak. Uchrashuv oldidan qaynonasi qizga “Onam bilan yashashni xohlamayman”, deb aytishni o‘rgatib, unga bosim o‘tkazadi. Onasini yaxshi ko‘radigan, ammo qo‘rqib qolgan qiz baribir onasining oldiga borib, uni yaxshi ko‘rishini aytadi. Bu so‘zlar ayolni tag-tubigacha larzaga soladi. Endi u boshqacha qaror qabul qiladi: bundan keyin tinch, qat’iyatli va o‘ziga ishongan holda yashashni davom ettiradi. Final sahnasida ayol oynaga tik qaraydi. Erining bir vaqtlar unga: “Nima qilsang ham, maymundan farqing yo‘q”, degan gapini eslaydi. Endi qaltiramaydigan qo‘llari bilan chiroyli makiyaj qiladi va qat’iyat bilan shifoxonadan chiqadi. Eshik oldida uning “tuzalganini” bilib, “Musichaday jim yursang, tegmayman”, deya uyiga olib ketmoqchi bo‘lgan eri turibdi. Boshqa tomonda esa hech qachon to‘liq uning tarafini olmagan onasi. Ayol qizining qo‘lidan ushlab, ularning hech biriga ergashmaydi. U qizi bilan butunlay boshqa tomonga — o‘z yo‘lidan ketadi.
Dildora Zakirova, Jahongir Teshaboyev, Visola Mardonova, Mehri Bekjonova, Omina Hayrullayeva, Fotima Oripova, Shahzoda Jumanova, Kamila Alimova, Abdumo‘min Komilov.











































































































































































































































































































