
Film ulkan kompaniya rahbari Damir Omonovichning erka o‘g‘li Amirbekning mast holda xizmat mashinasini boshqarib, bir yo‘lovchini urib ketishi bilan boshlanadi. Bu haqda eshitgan Damir Omonovich qattiq darg‘azab bo‘ladi. Xuddi shu paytda uning huzuriga oddiy xodim Komron iltimos bilan kirib keladi. Damir Omonovich uni eshitishni ham xohlamaydi.
Komron esa yalinib-yolvorib, onasi og‘ir betob ekanini, katta miqdorda pul zarurligini aytadi. Evaziga kompaniyada bir umr oylik maoshsiz ishlab berish yoki boshqa har qanday shartga tayyorligini uqtiradi. Damir Omonovich pul bermasligini aytib, undan xonadan chiqishni talab qiladi. Keyin esa to‘satdan xayoliga bir fikr kelib, eshikka yetgan Komronni to‘xtatadi.
— Demak, pul bersam, har qanday shartimga ko‘nasan, to‘g‘rimi? — deydi u.
Komron onasi omon qolishi uchun hatto o‘lishga ham tayyor edi.
— O‘g‘lim Amirbek mashinada bir yo‘lovchini urib ketgan. Uning jinoyatini bo‘yningga olasan. Yo‘lovchi o‘lgan! — deydi Damir Omonovich.
Komron bir zum karaxt bo‘lib qoladi.
— Agar rozi bo‘lsang, hoziroq aytgan pulingni kasalxonaga yetkazishadi, — davom etadi Damir Omonovich. — Tez qaror qil! Har ikkimiz uchun ham vaqt ziq.
Komronni qattiq hayajon bossa-da, bu shartga ko‘nadi. Faqat bitta iltimos qilib, qamoqdan chiqquniga qadar onasini moddiy ta’minlab turishni so‘raydi. Xullas, og‘zaki bitim tuziladi.
Komron uzoq yilga ozodlikdan mahrum etiladi...
Robiya opa operatsiyadan yaxshi chiqadi. Asta-sekin oyoqqa tura boshlaydi. Ammo uning tanasi tuzalsa-da, qalbi tinchimaydi. Komronning jinoyat qilganiga ishonmaydi. Biroq nima bo‘lganda ham, o‘g‘li ozodlikdan mahrum qilingan.
Robiya opa qamoqxonaga borib, Komron bilan gaplashadi.
— Bolam, men ko‘zlaringga qarab, hammasini his qilib turibman, — deydi u titroq ovozda. — Sen jinoyatchi emassan!
Komron xo‘rsinib javob beradi:
— Men qotilman, oyi.
Robiya opa bosh chayqaydi va advokat topib, hammasining tagiga yetishini aytadi. Shunda Komron beixtiyor og‘zidan gullab qo‘yadi:
— Damir Omonovich har qanday advokatni sotib oladi.
Robiya opa o‘g‘lini taqdir izmiga tashlab qo‘ymaydi. U bir necha advokat oldiga boradi. Kimdir ochiqchasiga rad etadi, boshqasi katta pul so‘raydi. Nihoyat, Robiya opa jasur va sinchkov deb eshitgan advokat qiz Sevinchni topadi.
Sevinch avvaliga bu ishni olishni istamaydi. Chunki u Damir Omonovichning qanchalik qo‘li uzun ekanini yaxshi biladi. Ammo Robiya opaning bir og‘iz gapi uni bu qaroridan qaytaradi:
— Agar rozi bo‘lmasangiz, demak, bu dunyoda adolat qolmagan!
Sevinch ishga kirishadi. Barcha materiallarni o‘rganib chiqadi. Ammo qiynaladi. Chunki, birinchidan, Komron barcha aybni bo‘yniga olgan, ikkinchidan, kamera yozuvlari yo‘q. Bor yozuvlar ham avtohalokatni uzoqdan qayd etgan.
Ko‘p o‘tmay Sevinchga noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq keladi:
— Bu ishni topshiring. Aks holda, pushaymon bo‘lasiz.
Sevinch qo‘rqmaydi. Aksincha, u yanada chuqurroq surishtira boshlaydi. Komron bilan gaplashadi. U esa tergovda va sudda aytganlarini takrorlaydi: o‘sha kuni onasini ko‘rish uchun shoshilib chiqib, ishxona mashinasini haydab ketgan. Keyin yo‘lda avtohalokatga sababchi bo‘lgan.
Robiya opaga ham tahdid qiladilar. Agar advokatni bu ishdan qaytarmasa, Komronni qamoqxonada o‘ldirib yuborishlarini aytadilar. Sevinch Robiya opani tinchlantiradi va ishni davom ettiradi.
Bu orada Amirbek g‘alati tushlar ko‘radigan, almoyi-jalmoyi gapiradigan bo‘lib qoladi. Uning ko‘z oldida o‘zi mashinada urib yuborgan yo‘lovchi paydo bo‘la boshlaydi. U vijdon azobida ich-ichidan qiynaladi.
Tinib-tinchimas Sevinchning sa’y-harakatlari tufayli boy va qudratli odamlar qurgan katta yolg‘onga darz ketadi. Haqiqat yuzaga chiqadi. Komron ozod etilib, Amirbek qamaladi.
Damir Omonovich esa Komronning yoqasidan olib, bergan pullarini qaytarib berishini talab qilayotgan paytda yurak xurujiga uchraydi.
Tamara Hazratqulova, Hurshid To‘xtayev, Nargiza Rahimova, Faridxon Yuldoshev, Mohichexra Islomova, Odiljon Kozimjonov, Jahongir Qo‘chqorov, Adham Ahmadaliyev.











































































































































































































































































































