
Ikki sevishgan bir-birini chin dildan sevadi. Ular baxtli unashtirilgan va endi to‘yga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Ammo kunlarning birida qiz yigit bilan uchrashib turgan paytda kutilmaganda hushini yo‘qotadi. Yigit uni shifoxonaga olib boradi. Shifokorlar o‘tkazgan tekshiruvlar natijasida qizda og‘ir va davolash juda mushkul bo‘lgan kasallik rivojlanib ketgani aniqlanadi.
Bu xabarni eshitgan yigit karaxt bo‘lib qoladi. U qizga haqiqatni qanday aytishni bilmaydi. Qiz o‘ziga kelgach: «Nima gap, hammasi joyidami?» — deb so‘raydi. Yigit esa haqiqatni yashirib: «Ha, hammasi yaxshi. Qoning biroz kamayibdi, shuning uchun hushdan ketibsan. Har ehtimolga qarshi yana bir nechta tekshiruv o‘tkazishar ekan», — deydi.
Yigit bu og‘ir xabarni oilasiga ham qanday aytishni bilmaydi. Oxiri onasiga hammasini aytib beradi. Onasi o‘g‘lini yaxshi tushunadigan, mehribon ayol bo‘lib, bu xabardan qattiq iztirobga tushadi.
Vaqt o‘tgan sari qizning ahvoli og‘irlashib, hushidan ketish holatlari ko‘payadi. Bundan xavotirga tushgan qiz yigitdan: «Menga rostini ayting, menga nima bo‘lyapti?» — deb so‘raydi. Yigit endi haqiqatni yashira olmay, ko‘z yoshlarini tiyolmaydi: «Jonim, senda og‘ir kasallik rivojlanib ketgan ekan. Lekin hali umid bor. Biz taslim bo‘lmaymiz», — deydi.
Qiz karaxt holatda qancha umri qolganini so‘raydi. Yigit unga taxminan uch oy qolganini aytadi. Bu xabar qizning hayotini butunlay o‘zgartirib yuboradi. U kundan kunga jizzaki va qaysar bo‘lib boradi, hayotdan alam qiladi. Kasallik esa tobora kuchayib, oxir-oqibat qiz nogironlar aravachasida qoladi.
Bir kuni u yigitga: «Iltimos, mening so‘nggi yagona orzuimni amalga oshira olasizmi? Agar ikkilansangiz, men sizni boshqa bezovta qilmayman. O‘z yo‘lingizdan ketavering», — deydi. Yigit esa: «Men sen uchun hamma narsaga tayyorman», — deb javob beradi.
Ular nikohdan o‘tib, to‘y qilishga qaror qilishadi.
To‘y kuni qiz oppoq kelinlik libosida kelin salonda o‘tiradi. Uning oldiga kuyov keladi. Qiz uni ko‘rib quvonadi. Yigit sevgan insonining yoniga kelib, unga gul tutadi. Shu payt kutilmaganda qiz jon taslim qiladi. Yigit sevgan insonidan ayrilganini anglab, chuqur iztirob bilan yig‘laydi.
Ammo voqea shu yerda tugamaydi.
Oradan yillar o‘tadi. Kadr besh yoshli qizaloq bilan boshlanadi. Otasi uni ismi bilan chaqiradi. Kamera asta-sekin ota tomonga burilganda, uning o‘sha yigit ekanini ko‘ramiz. Uning yonida esa rafiqasi turibdi. Ma’lum bo‘lishicha, qiz aslida tirik qolgan.
Keyingi voqealar retro kadrlar orqali ochib beriladi. To‘y kuni hushidan ketgan kelin zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. U hushsiz yotgan paytda yigit televizor va internet orqali uning kasalligiga qarshi davo topilgani hamda yangi vaksina yaratilgani haqidagi xabarni eshitadi. Ammo davolanish juda qimmat turadi.
Musiqa ostidagi kadrlarda yigit bor-budini sotayotgani ko‘rsatiladi: uyi va mashinasini sotadi. Qizning oilasi ham o‘z uyini sotib, pulni yigitga beradi. Yigit hatto yaqin do‘stlaridan biridan 10 ming dollar qarz oladi. U barcha imkoniyatlarini ishga solib, sevgan insonining hayotini saqlab qolish uchun kurashadi.
So‘ng u qizning yoniga kelib: «Endi sog‘ayib ketasan. Dori topilibdi. Endi uni senga olib kelish qoldi», — deydi.
Retro kadrlar yakunlanadi va voqea yana bugungi kunga qaytadi. O‘sha yigit va qiz endi baxtli er-xotin. Ular besh yoshli qizalog‘ini mahkam quchoqlab, birgalikda suhbatlashib ketishadi.
Shu kadr bilan film yakunlanadi.
Javlon Jamoliddinov, Nigina G‘ulomova, Avaz Qodirov, Zilola Quvvatova, Nodira Murtozayeva, Suxrob Anormetov, Zulayxo Lapasova, Baxtiyor Ahmedov, Shabnam Malikova, Usen Urdaboyev, Faiza Mirzayeva.











































































































































































































































































































