
Hamma bir joyga to‘plangan. Yerda bir ayol qonga belangan holda yotardi. Shifoxonaga yetib borguncha ayol vafot etadi. Ma’lum bo‘lishicha, marhuma ko‘p qavatli uyning 7-qavatidan tushib ketgan. Bir qarashda bu shunchaki tasodif emas, balki qotillik bo‘lib tuyuladi. Asosiy gumondor esa uning eri. Ammo bundan bir hafta ilgari eri ish yuzasidan xizmat safariga ketgan bo‘ladi. Qaytganida esa shu mudhish voqeaning ustidan chiqadi. Tergov va surishtiruv ishlari boshlanadi. Barcha dalillar er va uning yaqinlariga qarshi edi. Erkakning opasi va ukasi ham suhbatga chaqirilib, ularga gumondor sifatida qaraladi. Ammo asosiy gumondor baribir erning o‘zi edi. Surishtiruvlar davomida bu oila ancha avvaldan yemirila boshlagani, deyarli har kuni ularning uyidan janjal ovozlari eshitilgani aniqlanadi. Buni qo‘shnilar ham tasdiqlashadi. Er-xotin o‘rtasidagi sovuqchilik tergovchini yanada hushyor torttiradi. Ularning o‘rtasidagi kelishmovchilik va nizolarni qo‘shnilar ham, qarindoshlar ham tasdiqlashadi. Tergovchi erning opasi va ukasini ham nazorat ostiga oladi. Balki ulardan biri ayolni o‘ldirgandir? Ammo kutilmaganda uydan ayol kishiga tegishli soch tolasi topiladi. Bu soch tolasi gumondorlarning hech biriga mos kelmaydi. Shunda uy yaqinidagi do‘kon sotuvchisi tergovchiga muhim ma’lumot beradi. Jinoyat sodir bo‘lgan kuni marhuma o‘limidan uch soat oldin shu do‘konga kirgan, ko‘p o‘tmay esa notanish bir ayol kelib, marhumaning uyi nechinchi qavatda ekanini surishtirgan. Kuzatuv kameralari yozuvlari tekshirilib, notanish ayolning tashqi ko‘rinishi aniqlanadi. Tekshiruv natijasida topilgan soch tolasi marhumaning bir paytlardagi sobiq dugonasiga tegishli ekani ma’lum bo‘ladi. Tergovchi marhumaning sobiq dugonasini kuzatuv ostiga oladi. Kutilmaganda tergovchi bu ayol bilan marhumaning eri o‘rtasida aloqa borligini aniqlaydi. Demak, bu voqeada er ham mutlaqo aybsiz emas edi. Marhumaning eri va uning sobiq dugonasi qattiq so‘roq qilinadi. Oxir-oqibat ayol bor haqiqatni tan olishga majbur bo‘ladi. Chunki uning qizchasi tergovchiga bilganlarining hammasini ro‘y-rost aytib beradi. Ma’lum bo‘lishicha, bir paytlar bu ayol va erkak unashtirilgan bo‘ladi. Ammo ularning oilalari har jihatdan teng bo‘lmagani, ayniqsa qizning nogiron va ichkilikka ruju qo‘ygan otasi borligi ularning turmush qurishiga katta to‘siq bo‘ladi. Qiz esa o‘sha paytda homilador edi. Yigitning ota-onasi qizni rad etib, o‘g‘liga boshqa, yaxshi oiladan qiz olib berishadi. Ming afsuski, o‘sha qiz uning dugonasi bo‘lib chiqadi. Dugonasi ayol bilan yigitning o‘rtasiga tushayotganini bilsa-da, uning ustidan kuladi. “Ichkilikbozning qizi bo‘la turib, shu oilaga kelin bo‘laman, deb o‘ylaganmiding?” deb uni masxara qiladi. Qiz homilador ekanini aytib yig‘lasa ham, dugonasi fikridan qaytmaydi. Chunki u ham yigitni ko‘rib, yoqtirib qolgan edi. Qolaversa, u erkatoy va arzanda bo‘lib, shu paytgacha aytganini qildirib o‘rgangan edi. To‘y o‘tadi. Ammo ayolning homilalari ketma-ket nobud bo‘laveradi. Qaynona va qaynotasi nabirali bo‘la olmaganlari uchun armon bilan dunyodan o‘tishadi. Bundan g‘azablangan ayol sobiq dugonasini topib, eridan bo‘lgan qizini “haromi” deb haqorat qiladi. “Seni deb baxtsiz bo‘ldim, homilalarim ketma-ket nobud bo‘ldi”, deb janjal ko‘taradi. Ayolning qizchasi bu gaplarni eshitib, dahshatga tushadi. 13 yoshli qiz alam bilan ko‘chaga chiqib ketadi va uni mashina urib yuboradi. Qiz kasalxonada komaga tushadi. Hushiga kelganida esa nogiron bo‘lib qolgan edi. Ona qizining ahvolini ko‘rib, sobiq dugonasidan o‘ch olish uchun qulay payt poylay boshlaydi. Avvaliga sobiq yigitini yana o‘ziga qaratib oladi. So‘ng u xizmat safariga ketgan paytda marhumaning uyiga boradi. Ikki ayol o‘rtasida qattiq janjal boshlanadi. Marhuma g‘azabga to‘lib, sobiq dugonasiga pichoq sanchadi. Yengil jarohat olgan ayol tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish uchun balkonga chiqadi. Shunda marhuma uning ortidan kelib, ro‘moli bilan bo‘g‘ishga urinadi. Nafasi qaytib, ko‘zlari olayib ketgan ayol jon holatda uni itarib yuboradi. Marhuma shosha-pisha o‘rnidan turib, dugonasini balkondan itarib yubormoqchi bo‘ladi. Ammo kutilmaganda ehtiyotsizlik oqibatida o‘zi pastga qulab tushadi. Bu voqeani qo‘shni ayollardan biri ko‘rib turgan bo‘ladi, ammo guvohlik berishga qo‘rqib yuradi. Oxir-oqibat u tergovchiga bor haqiqatni aytadi: ikki ayol balkonda janjallashgani va qo‘shnisi ehtiyotsizlik oqibatida pastga qulab tushganini tasdiqlaydi. Sobiq dugona ham o‘ziga tan jarohati yetkazilganini isbotlab, qo‘lidagi pichoq izini ko‘rsatadi. Shu tariqa voqeaning asl tafsilotlari ochilib, haqiqat yuzaga chiqadi.
Merdan Matvaliyev, Asal Axralxo‘jayeva, Xoldor Tursunboyev, Munisa Rajabova, Muharram Abduhalilova, Abdulaziz Jalilov, Shirinabonu G‘aniyeva, Xushnida Toshmatova, Feruza Haydarova, Husanboy Yo‘ldoshev, Sirojiddin Saydullayev.











































































































































































































































































































