
Voqea Sarvarning navbatdagi ish joyidan haydalishidan boshlanadi. Sarvar oilada o‘rtancha farzand, bitta opasi va bitta singlisi bor. Opasi yaxshi oilaga turmushga chiqqan. U bolaligidan maktabda yaxshi o‘qimagan, ko‘p hollarda noto‘g‘ri fikrlaydigan yigit. Doim bir joyda ishlab keta olmay, ko‘p joylardan haydaladi. Onasi vafot etgach, singlisi bilan yolg‘iz qoladi. Singlisi institutning 2-kursida o‘qirdi. Biroz qiynalib qolishgach, turmushga chiqqan opasi Dilbar eri Zokirdan ukasini ishga olishini so‘raydi. Zokirning salqin ichimliklar ishlab chiqaradigan sexi bor. Zokir Dilbarga: “U sening ukang bo‘lsa, qattiq gapirib yuborsam nima bo‘ladi? Xafa bo‘lib qoladi-ku”, deb, avvaliga uni ishga olishni xohlamaydi. Ammo Dilbar qo‘ymaydi, iltimos qilib turib oladi. “Ukam qiynalib qoldi”, deydi. Sarvar sexga ishga kirgach, tinch ishlay olmaydi. U azaldan pochchasiga hasad qilardi. Yosh bo‘la turib sex ochganini ko‘rolmasdi. Shuning uchun endi sexda pochchasiga pand berish maqsadida uni poylay boshlaydi. Bir kuni Sarvar pochchasi Zokirning ish yuzasidan kadrlar bo‘limi xodimasi Bonu bilan gaplashayotganini ko‘rib qolib, telefonida sezdirmay suratga oladi. O‘zi esa g‘irt dangasa, doim telefonga chalg‘irdi. Pochchasi bir necha marta tanbeh beradi. “Oldin ishni qil! Telefon qochib ketmaydi! Ishxonada ishlash kerak!” deb koyiydi. Ammo Sarvarga aql kirmaydi. Oxiri pochchasi Zokir uni qattiqroq urishadi. “Yana bir marta e’tiborsizlik qilsang, bo‘shatib yuboraman”, deydi. Sarvar esa opasiga pochchasining Bonu bilan birga tushgan suratini ko‘rsatib, rosa yolg‘on to‘qiydi. “Pochcham yuradi! Shuni bilib qolganim uchun meni ishdan haydamoqchi”, deydi. Dilbar ham ukasiga ishonib, eri bilan qattiq urishib ketadi. Zokir hayron bo‘lib: “Qayerdan olding bu gapni?” deydi. Dilbar ukasi “Meni aytganimni aytmang”, degani uchun o‘sha suratni ko‘rsata olmaydi. Janjal kuchayib, oxiri Dilbar arazlab, ikkita bolasini olib, ota uyiga ketib qoladi. Zokir esa Sarvarni navbatdagi ishdagi xatosidan so‘ng ishdan haydab yuboradi. Sarvarga bu yanada alam qiladi. Pochchasining yaxshi pul topayotgani, uni ishdan haydagani — hammasi bir bo‘lib, opasiga pochchasini battar yomonlaydi. “Pochcham aniq boshqa ayol topib olgan, sizdan ajrashib, unga uylanmoqchi!” deydi. Dilbar bu gaplarga ishonib, eri Zokir bolalarini ko‘rgani kelganida battar urishadi va eri ming gapirsa ham yarashmaydi. Bu orada Sarvarning singlisi Dildoraga sovchi kelib, unashtirishadi. Dildora uchrashuvga chiqadi va gul bilan sovg‘a ko‘tarib keladi. Sarvar kuyov bergan sovg‘ani ochib ko‘radi. Atirlar to‘plamini ko‘rib: “Arzon atir beribdi-ku! Qadring shu bo‘ldimi? Bu hurmatsizlik!” deb janjal ko‘taradi. O‘rtaga opasi Dilbar tushsa, unga: “Boshidan shu bo‘lsa, bundan keyin nima bo‘ladi?” deb, bo‘sh kelmaydi. Bo‘lajak kuyov tarafga o‘zi qo‘ng‘iroq qilib gapiradi. Bo‘lajak kuyov taraf ham: “Kelinning akasi ayollardan battar maydagap ekan-ku”, deb hayron bo‘lishadi. Bu paytda uyda pul qolmagan, hammalari juda qiynalib qolishgandi. Dilbar uyda o‘tirgan ayol bo‘lgani uchun nima ish qilishni bilmay, noiloj dorixonaga farrosh bo‘lib ishga kiradi. Uni u yerda eri Zokir ko‘rib qoladi. Xotinining farroshlik qilayotganini ko‘rib, jahli chiqib ketadi. “Yur, uyga qayt”, desa, Dilbar hali ham uni “yuradi” deb o‘ylagani uchun “yo‘q” deb, urishib ketadi. Bu yoqda esa Sarvar yana ikkita joyda ishlay olmay qaytib kelgandi. Shu paytda kutilmaganda Turkiyadan ularning amakisi Tohir aka qaytib keladi. Tohir akaning xotini va o‘g‘li bor. O‘z vaqtida xotinini davolataman deb katta qarz olib, o‘sha qarzni to‘lash uchun Turkiyaga ishlagani ketgandi. Qaytgach, vafot etgan akasini xotirlash uchun ularning uyiga keladi. Kelganida Dilbarning eridan arazlab kelgani va ajrashmoqchi ekanini eshitib, jahli chiqib ketadi. Dildoraning ham bo‘lajak kuyovidan norozi bo‘layotganini eshitib, yanada jahli chiqadi. Sarvarga: “Boshqalarning hayotiga aralashma!” deb urishib beradi. Dildoraga tushuntiradi: “Har kim qurbi yetganicha sovg‘a-salom qiladi. Kuyov yaxshi yigit, ishi, puli, uyi, mashinasi bor. Yaqinda uyini ta’mirlabdi. Shuning uchun senga qimmat sovg‘a qilmagandir. Lekin shuni deb fotiha to‘yini buzmoqchimisan?” deb urishib beradi. Quda taraf bilan o‘zi gaplashadi. “Men amakisiman, yurtga qaytdim, endi hammasiga o‘zim bosh bo‘laman”, deb so‘z beradi. So‘ng Dilbarning eri Zokir bilan uchrashadi. Zokirga o‘sha janjalga sababchi bo‘lgan ayol Bonuning suratini ko‘rsatganida, Zokir Bonuning kadrlar bo‘limida ishlashini, oilasi va eri borligini, kerak bo‘lsa, olib borib yuzlashtirishini aytadi. Dilbar uni eshitishni ham istamay, ukasining gapiga kirib, undan yuz o‘girib ketganini tushuntiradi. Sarvarni mas’uliyatsiz bo‘lgani uchun ishdan bo‘shatganini isbotlab beradi. Bu gaplarni eshitib, Tohir akaning jahli chiqib, Dilbar bilan gaplashadi. Sarvarni ham chaqirib urishadi. “Opang eri bilan baxtli yashagandan ko‘ra, dorixonada farroshlik qilib yurishini istaysanmi? Jiyanlaringni otasidan ayirishga sen ahmoqning nima haqqing bor? O‘z aybingni pochchangga to‘nkab, suvdan quruq chiqmoqchimiding? Bu yoqda singlingni baxtsiz qilib, nimaga erishmoqchi eding?” deb rosa urishadi. Sarvar noiloj aybini tan oladi. Pochchasining boyligiga hasad qilishini sezgan Tohir aka Sarvarni hasadgo‘yligi va xudbinligi uchun qattiq urishib tashlaydi. Keyin Dilbarni ham eri bilan yarashtirib, ikkita bolasi bilan uyiga tashlab keladi. Shundan keyin o‘ziga do‘kon ochadi va Sarvarni ishga olib, qattiqqo‘llik bilan unga ish o‘rgatadi va asta-sekin uni odam qiladi.
Umid Sobirov, Doniyor Rizqiyev, Sara Mansurova, G‘olib Habibullayev, Muhammadyusuf Komilov, Sofiya Abdualimova, Baxtiyor Elmatov, Jumagul O‘lmasova, Dildora Avazova, Zilola Quvvatova, Dilshod Butayev, Diyora Islomova, Alisher Qurbonov, Jamol Toshpo‘latov.











































































































































































































































































































