
Badavlat, ammo ko‘ngli juda yumshoq bir ayol eri bilan yangi shaharga ko‘chib keladi. Ular uzoq yillardan beri farzandli bo‘lishni orzu qilishadi, biroq ayolning bir necha homilasi tug‘ilmasdan nobud bo‘lgan. Bu yo‘qotishlar er-xotinning qalbida chuqur iz qoldirgan bo‘lsa-da, ayol hayotga bo‘lgan mehrini va quvnoqligini yo‘qotmagan. Ular shahardagi yangi, hashamatli va katta uylariga joylashgach, ayol uy ishlariga yordam beradigan xizmatkor yollash uchun e’lon beradi. E’lon bo‘yicha ikki-uch nafar ayol keladi, ammo uyning juda kattaligini ko‘rib, ayrimlari ishlashga rozi bo‘lmaydi, boshqalari esa ish ko‘pligini aytib, juda qimmat narx so‘rashadi. Bunga parallel ravishda shaharning chekkasidagi eski uyda eri va besh nafar farzandi bilan yashaydigan boshqa bir ayolning hayoti ko‘rsatiladi. Uning eri tayinli ishlamaydi, ba’zan kunlik ishlarga chiqadi, ba’zan esa ichib keladi. Oilada doimiy pul yetishmovchiligi hukm suradi. Bolalarning maktab kiyimlari, oziq-ovqat, kommunal to‘lovlar va boshqa mayda-chuyda xarajatlarning barchasi ayolning zimmasiga tushgan. Eri ko‘proq pul ishlab kelgan kunlari esa uyga ovqat buyurtma qilib, bolalarini xursand qilishga harakat qiladi. Bir kuni ayol internetda badavlat xonim bergan e’lonni ko‘rib, ish so‘rab uning uyiga boradi. Boy xonim juda quvnoq va samimiy ayol bo‘lib, uni yaqindan bilmagan odamlar hatto yosh boladek beg‘ubor deb o‘ylashlari mumkin. U xizmatkorlikka kelgan ayolni xursandchilik bilan kutib olib, katta uyning barcha xonalarini birma-bir ko‘rsatadi. Uyni aylanib chiqishgach, boy xonim undan: “Xo‘sh, ishlaysizmi?” deb so‘raydi. Xizmatkor ayol biroz o‘ylanib qoladi. Uy katta, ish juda ko‘p, ammo unga pul va ish kerak. “Uyingizni ko‘rdim, ish ko‘p ekan”, deydi u. Buni eshitgan boy xonimning hafsalasi pir bo‘lib: “Demak, siz ham rozi emassiz?” deydi. Xizmatkor ayol esa: “Men hali rozi emasman, demadim-ku”, deb javob beradi. “Demak, rozisiz?” deya xursand bo‘lgan boy xonim uni quchoqlab oladi. Xizmatkor ayol bundan hijolat bo‘lib qoladi. Shu tariqa uning yangi ishi boshlanadi. Ayol uyni yig‘ishtiradi, boy xonim esa vaqti-vaqti bilan unga sharbat va yeguliklar olib kelib: “Charchasangiz, biroz dam oling”, deydi. Bunday munosabatni ilgari ko‘rmagan xizmatkor hayron qoladi. U tabiatan qattiqqo‘l, qat’iyatli va odamning yuziga gapiradigan ayol. Bir kuni u: “Xonim, menga buncha mulozamat qilishingiz shart emas. Keling, bir narsaga kelishib olaylik: siz xonimsiz, men esa shu uyda ishlaydigan oddiy ishchiman”, deydi. Boy xonim esa unga qarab: “Ha, shunday. Lekin nima bo‘lganda ham, ikkalamiz ham insonmiz”, deb javob beradi. Bu oddiy gap xizmatkor ayolning ko‘ziga yosh keltiradi. “Sizga o‘xshagan odamni hali uchratmaganman. Ayniqsa, boylar orasida”, deydi u. Shu kundan boshlab ikki ayol o‘rtasidagi munosabat oddiy ish beruvchi va xizmatkor munosabatidan chiqib, chin do‘stlikka aylana boshlaydi. Xizmatkor ayol boy xonimning uyida o‘zini erkin his qilsa-da, hech qachon mas’uliyatini unutmaydi. Boy xonimning dugonalari tez-tez mehmonga kelib, u bilan suhbatlashib, dardlashib ketishadi. Ammo dugonalaridan biriga xizmatkor ayol yoqmaydi. Ularning o‘rtasida avval ham kichik mojaro bo‘lgan: dugona xizmatkor ayolni o‘g‘rilikda gumon qilgan, xizmatkor esa bu nohaq ayblovga keskin javob qaytargan edi. Shu sababli dugona uning shartakiligi va mag‘rurligini yoqtirmaydi. Bora-bora mojaro kuchayib, xizmatkor ayolga nisbatan turli nohaqliklar boshlanadi. Bir kuni xizmatkor ayol ishga qoshi yorilgan holda keladi. Boy xonim xavotirlanib: “Nima bo‘ldi?” deb so‘raydi. Ayol esa: “Hech narsa, eshikka urilib oldim”, deb javob beradi. Boy xonim bunga ishonmaydi. Aslida xizmatkor ayolni eri urgan bo‘ladi. U oilasidagi muammolarni birovga aytishni istamay, hammasini ichiga yutib yuradi. Oradan vaqt o‘tib, xizmatkor ayol boy xonimning dugonasi tomonidan qilinayotgan nohaqliklarga chiday olmaydi va hech kimga hech narsa demasdan ishdan ketadi. Boy xonim avvaliga undan qattiq xafa bo‘ladi. Keyin esa dugonasining qilgan ishlarini va xizmatkor ayolning boshidan kechirayotgan qiyinchiliklarini bilib, uni tushunadi. Manzilini topib, xizmatkor ayolning uyiga boradi. Uning qanday sharoitda yashayotganini, besh nafar farzandini boqish uchun qancha qiyinchilikka chidab kelayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Boy xonim uning qarshisiga o‘tirib: “Endi seni xafa qilgan odamlar mening uyimga qadamini ham bosmaydi. Iltimos, uyga qayt”, deydi. Xizmatkor ayol nima deyishini bilmay qoladi. Ko‘zlariga yosh kelib, qaytishga rozi bo‘ladi. Ikki ayol quchoqlashadi. Shu tariqa ularning do‘stligi yana davom etadi. Xizmatkor ayol umrining oxirigacha boy xonimning xonadonida ishlaydi. Yillar davomida ular bir-biriga shunchaki xonim va xizmatkor emas, balki opa-singildek yaqin insonlarga aylanadilar. Oradan yillar o‘tib, uzoq vaqt farzand armonida yashagan boy xonim ham ikki nafar farzandli bo‘ladi. Bir paytlar huvillab turgan katta xonadon endi bolalarning kulgisi, shovqini va ikki ayolning samimiy suhbatlari bilan to‘ladi. Film insonlarni boylik yoki mavqei emas, mehr-oqibat, insoniylik va bir-birining dardini his qila olish qobiliyati yaqinlashtirishini ko‘rsatadi.
Arofat Ergasheva, Sevinch Qurbonova, Maftuna Ahmadaliyeva, Dinara Mahmudova, Yunus Abdullayev, Doston Jo‘rayev, Madina O‘tkir + ova, Farangiz O‘tkir + ova, Muslima O‘tkir + ova, Farangiz Axmedova, Charos Xayriddinova, Ozoda Mahkamova.











































































































































































































































































































