
Asmira — irodali, mehnatkash, jizaki ayol. Yillar davomida chet elda ishlab, endi Toshkentda kunlik yumushlar qilib yashaydi: birovning uyini tozalaydi, kafelarda idish yuvadi, bolaga qaraydi. Topganining deyarli hammasini qishloqdagi onasiga yuboradi. Orzusi bitta — qizi ulg‘ayganda ijarama-ijara sarson bo‘lmasin, o‘z uyiga ega bo‘lsin.
Asmira eri bilan ajrashgan. Sobiq eri yaxshi ishda ishlasa ham aliment to‘lamaslik uchun hujjatda arzimas ishga kirib olgan. Ba’zan pul beradi, ba’zan oylab yo‘qolib ketadi. Eng og‘iri esa — u qizidan ham vos kechgan. Asmira tinmay ishlab, pul yig‘adi. Lekin bir kuni dahshatli haqiqatni biladi: onasi yig‘ilyapti degan pullarni yashirincha Asmiraning opasiga yuborib kelgan. O‘zi to‘q yashasa ham nafsi to‘ymaydigan opasi esa indamay olib yurgan.Asmira uchun bu oddiy aldov emas — eng yaqin insonlarining xiyonati edi.“Begonalar orqamdan tosh otsa bunchalik og‘rimasdi... Siz ahvolimni bilib turib nega bunaqa qildingiz?” deydi u onasiga.Onasi esa: “Bir boshinga shuncha qiynalib nima qilasan? Baribir qizing bir kun uzatilib ketadi”, deydi.Ammo Asmira qiziga qarab: “Men qizimning menday qiynalishini xohlamayman. O‘zini boradigan joyi bo‘lsin”, deydi.Akalarining ham unga rahmi kelmaydi. “Bolang shu yerda o‘tirganiga yarasha ro‘zg‘orga qarash”, deb undan pul talab qilishadi. Shu mojarolardan keyin Asmira qizini olib Toshkentga ketadi.Shahardagi hayot qiyin bo‘lsa ham, ular ilk marta o‘zlarini erkin his qilishadi. Asmira qizini hech kimdan kam qilmaslikka urinadi. Uni parklarga olib boradi, bir xil kiyimlar olib “dugonamiz” deb kulishadi, kichkina kafelarda ovqatlanishadi. Ichida bitta alam bor — “qizim shahar bolalari oldida o‘zini kamsitmasin”.Ular ijarada yolg‘iz yashaydigan qari kampirnikiga ko‘chib kirishadi. Kampir ham vaqtida bolalari uchun yashab, oxirida yolg‘iz qolgan ayol edi. Asmira yaqinlaridan ko‘rmagan mehrni undan ko‘radi. Bora-bora ular ona-boladay, sirdoshday bo‘lib qolishadi.Ammo shahardagi hayot ancha qimat. Qiz tez-tez kasal bo‘ladi, ijara, dorilar, ro‘zg‘or — Asmira yig‘gan pullar yana erib ketadi. Shunda u asta-sekin o‘zgaradi. Avval qizini ortiqcha siylagan ayol endi nonni ham hisoblab yey boshlaydi.“Noni suvga botirib yesak ham mayli... Faqat o‘z uyimiz bo‘lsin”, deydi u.Bir kuni kampir qizchaning zehni o‘tkirligini sezib qoladi va Asmiraga: “Uy har doim topiladi. Lekin bolangni o‘qitmaganing uchun keyinchalik afsuslanib qolma deydi. Asmira avval bunga qarshi chiqadi. U uchun eng muhim narsa — uy.Lekin kampirning: “Qizing ham sen kabi umr bo‘yi birovning uyini tozalashini xohlaysanmi?” degan gapi uning yuragiga tegadi.Shu kundan boshlab Asmira hamma narsani o‘zgartiradi. Uy uchun yig‘ayotgan pulini qizining ta’limiga sarflaydi. Uni to‘garaklarga beradi, yaxshi o‘qitsin deb yanada ko‘proq ishlaydi. Ba’zan ish sabab bir necha soatgina uxlaydi.
Shunday kunlarning birida deraza artayotib yiqilib, oyog‘ini sindirib oladi. Ammo uyda yotsa qarzga botishini bilib, gipslangan oyog‘i bilan yana ishga chiqadi.
Bu orada Asmira hayotida yangi inson paydo bo‘ladi. Yillar davomida faqat tirik qolish haqida o‘ylagan ayol ilk marta o‘zini sevishga haqli insondek his qiladi. U erkak bilan gaplashib, uchrashib yuradi. Qizi ham onasining ko‘zidagi baxtni sezadi.Ammo erkakning oilasi bor edi.Asmira boshida o‘zini oqlaydi. “Men ham baxtli bo‘lishga haqliman”, deb o‘ylaydi. Erkak esa unga ikkinchi xotin bo‘lishni taklif qiladi. Hatto Asmira bir muddat bunga ko‘nishga ham yaqin keladi.Lekin og‘ir bo‘lsa ham u sevgidan voz kechadi.Qizi esa ulg‘aygani sari bosimni his qila boshlaydi. Tinimsiz o‘qish, onasining umidlari uni charchatadi. Bir kuni o‘qishni tashlab yubormoqchi bo‘ladi.Shunda Asmira: “Men sen uchun o‘zimdan voz kechdim. Ertaga birovning qo‘liga qarab qolmasliging uchun o‘qi!”deydi. Yillar o‘tib qiz chet el universitetiga grant yutadi. Bu xabar Asmira uchun butun umrining mukofotidek tuyuladi.“Men bir vaqtlar pul topish uchun chet elga ketgandim... Qizim esa o‘qish uchun ketyapti”, deydi u ko‘zida yosh bilan.Lekin grant hamma xarajatni yopmasdi.
Asmira qarindoshlaridan qarz so‘raydi. Hech kim yordam bermaydi. Oxiri yillar davomida na qizidan, na ulardan xabar olgan sobiq eriga qo‘ng‘iroq qiladi.“Xayotizda bir marta bo‘lsa ham otalik qiling”, deydi.Erkak avval rozi bo‘ladi. Asmira bilan qizi quvonib ketish uchun tayyorgarlik ko‘rishadi. Ammo ketishga oz qolganda u fikridan qaytadi. Nafaqat pul bermaydi, hatto kerakli ruxsat hujjatini ham bermasligini aytadi.Bir lahzada ona-bolaning orzulari chilparchin bo‘ladi.Qizi esa onasining ichidan yemirilib borayotganini ko‘rib, chet el orzusidan voz kechadi."o‘zi ketgim yo‘q edi”, deb onasini ovutadi. O‘qishni shu yerda davom ettirib, yashirincha ishlay boshlaydi.Ammo vaqt o‘tib u ham o‘qish bahonasida onasidan uzoqlashadi. Asmira esa buni tushunmay azob chekadi.“O‘qit degandingiz... O‘qitsam ham ketib qoldi”, deydi u kampirga.Kampir esa: “Hayot hali unga hammasini o‘rgatadi”, deydi.Oradan yillar o‘tadi.Qiz yaxshi ishga kiradi. Hayotning haqiqiy qiyinchiliklarini ko‘ra boshlaydi.Shunda bir ayolning yolg‘iz boshiga shuncha yukni qanday ko‘targanini tushunib yetadi.Endi birdan qarindoshlari ham, otasi ham unga yaqinlashishga urinadi. Buvilari “seni men katta qilganman” deb tama qiladi. Otasi esa “ukalaring seni sog‘ingan” deb yoniga chorlaydi.Lekin qiz eng avval onasining oldiga qaytadi.U Asmiraga uy olib bermoqchi bo‘ladi. Ammo Asmira bu paytga kelib boshqa odamga aylangan edi.Bir umr uy deb yashagan ayol endi qiziga qarab: “Menga uy kerak emas. Muhimi — sen oyoqqa turding. Endi o‘zing haqingda o‘yla”, deydi.Ammo qizi baribir onasiga uy olib beradi.Yangi uyga kirgan kuni Asmira uzoq vaqt jim turadi. So‘ng devorga suyanib sekin yig‘lab yuboradi.Chunki umrida birinchi marta uning hech kim haydab chiqara olmaydigan joyi bor edi.
Mashxura Zulfiqorova, Oygul Abdurahmovona, Barno Qodirova, Laziz Orziyev, Abror Mallaboyev, Xadichaoy Qurbonova, Leyla Farruxova, Yulduz Jo‘raqulova, Aziz Xolboyev, Mahmud Choriyev, Nigina Achilova.











































































































































































































































































































