
Sarvar — juda zamonaviy, birinchi navbatda o‘zini o‘ylaydigan, mag‘rur yigit. U yaxshi mashina sotib olish uchun oilasi yashaydigan yer maydonining bir qismini sotadi. Kayf-u safo va yomon illatlarga berilib ketadi, ayniqsa energetik ichimliklarni ko‘p iste’mol qiladi. Natijada uning bir buyragi ishdan chiqadi. Ikkinchi buyragi esa allaqachon faoliyatini to‘xtatgan bo‘ladi.
Turmushga chiqqan opasi ukasiga rahmi kelib, o‘z buyragini unga beradi. Biroq Sarvar bu fidoyilikni qadrlamaydi. O‘zini ehtiyot qilish o‘rniga energetik ichimliklarni ichishda davom etadi, dorilarini ham vaqtida qabul qilmaydi. Opasining eri esa «Kasalmand xotin kerak emas», deb uni tashlab ketadi. Sarvar esa buning uchun deyarli pushaymon bo‘lmaydi.
Oxir-oqibat opasi bergan buyrak ham ishdan chiqadi. Sarvar hatto mashinasini hayday olmay qoladi. U otasiga yolvorib, mashinani sotib bo‘lsa ham yangi donor topishni so‘raydi, chunki o‘lishni istamaydi. Ammo mashinani hech kim sotib olmaydi, otasining buyragi esa unga mos kelmaydi. Ota qarindoshlariga yolvorsa ham, hech kim buyragini berishga rozi bo‘lmaydi.
Taqdirga tan berishni istamagan Sarvar o‘ziga o‘xshab hayotga yengil qaraydigan, orzusi faqat yangi mashina va telefon bo‘lgan bir tanishini ko‘ndiradi: mashinasi evaziga undan buyragini berishini so‘raydi. Yigit rozi bo‘ladi, ammo avval uylanishi kerakligini aytib, buning uchun bir oy muhlat so‘raydi. Sarvar: «To‘y bo‘lguncha o‘lib qolishim mumkin», — desa ham, hech kim nogiron odamga qizini bermasligini tushunib, noiloj rozi bo‘ladi.
Sarvar tanishining to‘yi tezroq o‘tishini kutib, mashinasini unga berishga tayyorlab qo‘yadi. Ammo oilaviy mas’uliyat va yangi his-tuyg‘ular yigitni o‘zgartiradi. U bir mashina uchun butun umr nogiron bo‘lib yashashni, xotinining oldida o‘zini kuchsiz his qilishni istamasligini aytib, fikridan qaytadi.
Sarvar bu safar qaytarib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yganini anglaydi. Juda ko‘p vaqt yo‘qotilgan, endi mos donor topilgan taqdirda ham umid deyarli qolmagan edi.
Sarvar mashinasining kalitini opasiga uzatadi. Ammo opasi kalitni qaytarib beradi. Unga mashina emas, ukasining sog‘ayishi muhimligini, shuning uchun mashinani sotib, donor topish kerakligini aytadi. Sarvar esa: «Endi kech», — deydi. Mashinani o‘zi deyarli hayday olmayotgani uchun, hech bo‘lmasa opasiga foydasi tegsa, xursand bo‘lishini aytadi. U hayotini va sog‘lig‘ini o‘z qo‘li bilan barbod qilganidan chin dildan pushaymon bo‘ladi.
Umrining so‘nggi kunlarida Sarvar otasi bilan ustaxonaga boradi. U o‘zini yaxshi tutishga, go‘yo kasallikni yengib o‘tayotgandek ko‘rsatishga va umrining oxirida bo‘lsa ham otasiga ozgina yordam berishga urinadi. Ota esa o‘g‘liga yordam bera olmayotganidan ich-ichidan eziladi.
Oxir-oqibat Sarvar otasining qo‘lida jon beradi.
Tolib Mo‘minov, Begzod Abdumalikov, Rayyana Jo‘rayeva, Timur Kubayev, Farhod Muxtorov, Sarvinoz Rustamova, Jahongir Suvonov, Sardor Nuriddinov, Jasur Pirnazarov, Begzod Xudoyqulov, Maxfuza Yuldosheva.











































































































































































































































































































