
Nigina oilaning erka qizi. Otasi Jamshid aka ishlab chiqarish korxonasining egasi. Nigina Komil ismli yigit bilan tanishib qoladi. Komil ham talaba. Biroq u kalondimog‘, g‘ururi baland yigit. Uncha-muncha ish unga yoqmaydi. Sirkasi suv ko‘tarmaydi. Sal narsani yoqtirmasa, ishdan bo‘shab ketadigan fe’li bor. Nigina va Komil o‘rtasida muhabbat paydo bo‘ladi. Ammo Niginaning otasi qizini do‘sti Farhodning o‘g‘li Farruhga bermoqchi. Farruh o‘qimishli, otasining tekstil firmasini boshqarayotgan yigit. Nigina onasi orqali boshqa yigitda ko‘ngli borligini bildiradi. Ammo otasiga bu gap yoqmaydi. Shunga qaramay, qizining baxti uchun o‘sha yigitni chaqirishini aytadi. Komil Jamshid akaning yoniga keladi. Biroq o‘zini pastga urmay, osmondan kelib gaplashadi. “Sizni ishga olsam, nima deysiz?” deb savol beradi Jamshid aka. Komil esa: “Mening g‘ururim bor, qo‘lingizda ishlab, sizga qullik qilishni istamayman”, deb kattaog‘izlarcha gapiradi. Bu gap Jamshid akaga yoqmaydi. Jamshid aka xotiniga u yigit yoqmaganini qiziga aytishini tayinlaydi. “Farruhga beramiz. Yigit juda osmonlarda yuribdi, qizing u bilan baxtli bo‘lmaydi”, deydi. Ammo Komil Niginani u bilan qochib ketishga ko‘ndiradi. Nigina qochib ketish uchun tayyorgarlik ko‘radi. Hamma narsasi tayyor bo‘lgan paytda, hech kimga bildirmay darvozadan chiqayotganida, otasining to‘satdan mazasi qochadi. Nigina ortiga qaytishga majbur bo‘ladi. Otasida mikroinfarkt aniqlanadi. Shu bilan Niginaning ham taqdiri hal bo‘ladi. Nigina Farruhga turmushga chiqadi. Ammo unga qo‘lini ham tekkizdirmaslikka o‘ziga so‘z beradi. Komil esa undan arazlab ketadi. Farruh sabr bilan Niginaning ko‘ngli ilishini kutadi. U ham qizni sevib qolgan bo‘ladi. Oxir-oqibat Nigina Farruhning muhabbatiga muhabbat bilan javob qaytaradi. Film voqealari qizning tilidan hikoya tarzida ifodalanadi.
Nurjahon Haydarova, Merdan Matvaliyev, Umid Sobirov, G‘ayrat Husainov, Nargiza Rahimova, Ortiq Nuriddinov, Shohida Usmonova, Xondamir Galimjonov, Farangiz Ahmedova, Yulduz Polvonniyozova, Aziz Jumayev, Shahzod Ergashev.











































































































































































































































































































