
Maktabdagi 7-“G” sinfi o‘quvchilari og‘ir xulq-atvori, to‘polonchiligi va tartibsizligi bilan nom qozongan edi. Sinf rahbari Dilshoda opa muloyim, mehribon va o‘z kasbini sevadigan tarix o‘qituvchisi bo‘lib, o‘quvchilariga doimo g‘amxo‘rlik qilardi. U tarixga qiziqqan o‘quvchilarni darsdan keyin olib qolib, bepul qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tardi. Shu sinfda Aziz ismli badavlat oilaning farzandi ham o‘qirdi. Uning otasi Asror aka tadbirkor bo‘lib, doimo ish bilan band, onasi Umida opa esa ko‘proq dugonalari va o‘z ishlari bilan mashg‘ul edi. Shu sabab Azizning tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmasdi. Aziz otasining puliga ishonib, sinfdoshlariga pul berar, o‘z ishlarini qildirar, ularni konsert va kinolarga olib borib, shu orqali atrofida do‘stlar orttirardi. Sinfdagi a’lochi qiz Kamola esa Azizni yoqtirib qolgan edi. Bir kuni tuman boshqarmasiga butun 7-“G” sinfi nomidan Dilshoda opa ustidan shikoyat kelib tushadi. Unda o‘qituvchi o‘quvchilardan pul talab qilishi, ayrimlariga ataylab yuqori baho qo‘yishi, darsni yaxshi tushuntirmasligi va qo‘shimcha mashg‘ulotlarni pul evaziga o‘tishi haqida jiddiy ayblovlar yozilgan edi. Sinfdagi 28 nafar o‘quvchidan 21 nafari shikoyatga imzo qo‘ygan. Maktab direktori Nuriddin aka bu ayblovlarga ishonmay, voqeani shaxsan tekshirishga kirishadi. O‘quvchilarning aksariyati shikoyatdagi gaplarni tasdiqlaydi. Hatto Vazira, Zafar va Munira ham Dilshoda opani pul talab qilganlikda ayblaydi. Bunday tuhmatni kutmagan o‘qituvchining ahvoli yomonlashib, unga tez yordam chaqiriladi. Keyinchalik Nuriddin aka shikoyat xatini Dilshoda opaga ko‘rsatadi. U xat Kamolaning yozuviga o‘xshashligini payqaydi. Direktor Kamola bilan gaplashgach, haqiqat yuzaga chiqadi. Ma’lum bo‘lishicha, bir oy avval Aziz maktabga otasi olib bergan qimmatbaho telefonini olib kelib maqtangan. Dilshoda opa darsga xalaqit bergani uchun telefonni vaqtincha olib qo‘yib, unga tanbeh bergan. Bundan g‘azablangan Aziz o‘qituvchidan o‘ch olishga qaror qilgan. Sinfdoshlarini konsertga olib borib, shikoyatga imzo qo‘ydirgan, Kamola esa Azizni yaxshi ko‘rgani uchun shikoyat xatini yozib bergan. Vazira, Munira va Zafar esa Azizning tahdididan qo‘rqib yolg‘on guvohlik berishga majbur bo‘lishgan. Haqiqat aniqlangach, direktor Azizning otasi Asror akani maktabga chaqiradi. Asror aka o‘g‘lining qilgan ishidan qattiq xijolat bo‘lib, Dilshoda opadan uzr so‘raydi va farzandining tarbiyasiga yetarlicha e’tibor bermagani katta xato bo‘lganini tan oladi. Nuriddin aka Azizning qilmishlarini Ichki ishlar bo‘limiga topshirmoqchi bo‘ladi, ammo Dilshoda opa o‘quvchisining kelajagiga zarar yetmasligini istab, uni kechiradi. “Men o‘qituvchiman, u esa o‘quvchim. U hali yosh, xato qildi. Men uning xatosini kechiraman”, deydi. Bu voqea Azizga, uning ota-onasiga va butun sinf o‘quvchilariga katta saboq bo‘ladi.
Rahmatjon To‘ymurodov, Dilnoza Mahmudova, Shaxrizoda Dehqonova, Elyor Habibullayev, Jasur Zokirov, Shaxzoda Ergashxojayeva, Yulduz Jo‘raqulova, Shokir Beshimov, Turg‘un Beknazarov, Dilshod Butayev, Avaz Qodirov, Nodira Murtozayeva, Mahfuza Yo‘ldosheva











































































































































































































































































































