
Murod — tartibsevar, intizomli va vazmin yigit. Uning hayotida hamma narsa reja asosida kechadi. Bir kuni kafeda muhim uchrashuvni kutib o‘tirganida, qo‘shni stolda o‘tirgan chiroyli, samimiy qiz — Dilnozaga ko‘zi tushadi. Qiz kulganida butun kafe yorishgandek bo‘ladi. Ammo oradan bir daqiqa o‘tmay, qo‘lidagi sharbat to‘la bokalni ag‘darib yuboradi. Dugonasi stolni artayotganida Dilnoza yordam bermoqchi bo‘lib, uning telefonini tushirib yuboradi. Telefon sinadi. Keyin esa dugonasiga o‘zini oqlab: “Men ataylab qilmadim”, deydi. Murod ularni kuzatib o‘tirib, beixtiyor kulib yuboradi. Shundan so‘ng bu ishkalchi, beg‘ubor qiz Murodning xayolidan chiqmay qoladi. U Dilnozani sevib qolgan edi. Keyin esa uni izlab topadi. Uchrashuvlar ham kulgili o‘tadi: Dilnoza Murodning kiyimiga muzqaymoq tomizib qo‘yadi, selfi qilaman deb esa qora ko‘zoynagini sindiradi. Ammo Murod undan xafa bo‘lmaydi. Aksincha, Dilnozaning soddaligi va pok ko‘ngliga oshiq bo‘ladi. To‘y bo‘ladi. Darvoqe, sovchilikka borib kelgan Nozima xola ham Dilnoza haqida eshitgan kulgili voqealarni aytib beradi. Kelin tushgan birinchi haftaning o‘zida butun xonadonda kulgili sarguzashtlar boshlanadi. Dilnoza internetdan retsept ko‘rib, ovqat pishirayotganida telefonini sho‘rva qaynayotgan qozonga tushirib yuboradi. Keyin esa kir yuvish mashinasiga televizor pultini solib yuboradi. Bir kuni esa qaynotasi pensiyasidan elektr uchun telefonidagi ilova orqali uch yuz ming so‘m to‘lab qo‘yishni so‘raganida, Dilnoza adashib uch million so‘m o‘tkazib yuboradi. Oqibatda ota-bola bankma-bank yugurib, pulni qaytarishga harakat qiladi. Bir kuni oshxonani yig‘ishtirib charchagan Dilnoza polda cho‘zilib uxlab qoladi. Uning faqat sochlari to‘zg‘igan boshi ko‘rinib turadi. Oshxonaga kirgan qaynonasi uni bu ahvolda ko‘rib, kapalagi uchib, mazasi qochadi. “Tez yordam” chaqirishib, zo‘rg‘a o‘ziga keltirishadi. Dilnoza ishkalchi bo‘lsa-da, birovga yomonlik qilmaydi. U faqat yaxshilik qilishga shoshiladi. Aynan shu shoshqaloqligi esa kulgili g‘alvalarga sabab bo‘ladi. Bir kuni qaynonasining tug‘ilgan kuniga tort buyurtma bermoqchi bo‘lib, noto‘g‘ri raqam teradi va uyga pitsa yetkazib berishadi. Murod ishxonada katta loyiha ustida ishlaydi. U uyda ham loyiha ustida ter to‘kadi. Taqdiri hal qilinadigan tender uchun tayyorlangan muhim hujjatlar solingan papkani kechasi stol ustida qoldiradi. Ertasi kuni ertalab Dilnoza eski lash-lushlar bilan birga stoldan yerga tushib qolgan bu papkani ham axlat qutisiga tashlab yuboradi. Murod papkani izlab topolmaydi. Dilnozadan bor gapni eshitib, qattiq jahli chiqadi. “Sen bu safar mening hayotim bilan o‘ynashding!” deb baqiradi. “Men ataylab qilmadim-ku?” deydi yig‘lab Dilnoza. “Sen ataylab qilgansan!” deb o‘shqiradi Murod va uni uydan haydab yuboradi. Ota uyiga qaytgan Dilnoza o‘z xatosini anglab yetadi. Murod esa unga o‘rganib qolgan edi. Uni haydab yuborgani uchun pushaymon bo‘ladi. Ko‘z oldida Dilnozaning yig‘lagan holati namoyon bo‘laveradi. Ammo g‘ururi sababli u xotinining ortidan bormaydi. Otasi va onasi ham kelinni surishtirib, uysiz zerikib qolishganini aytishadi. Bu paytda esa Dilnoza chiqindi tashiydigan mashinani topib, hamma joyni kavlashtirib, Murodning papkasini topib oladi. Keyin uni chang-u tuproqdan tozalab, Murodning ishxonasiga yetkazib beradi. Tender muvaffaqiyatli o‘tadi. Murod olqishlarga ko‘miladi. U Dilnozani xafa qilganini eslab, qattiq pushaymon bo‘ladi. Keyin uni sog‘inib, qaynotasining uyiga boradi. Ikkalasi yarashib, uyga qaytishadi. Dilnoza: “Endi ehtiyot bo‘laman”, deb va’da beradi. Ammo shu zahoti yangi hangomalar boshlanadi. Qaynota va qaynona kuladi. Murodning jahli chiqsa-da, u ham kulib yuboradi. Mazkur filmning ikkinchi qismini ham ishlash mumkin.
Shoxida Uzoqova, Sulaymon Salohiddinov, Nozanin Salimova, Mirzatilla Shonazarov, Muharram Abduxalilova, Doston Jo‘rayev, Shaxzoda Nuriddinova, Jaxongir Xojimatov.











































































































































































































































































































