
Film Maftunaning qishloqdagi hayotidan boshlanadi. Uni sevgan yigiti Arslon avariyaga uchrab, vafot etgani haqidagi xabarlar tarqalgandan so‘ng, Maftuna qishlog‘iga qaytib kelgandi.
Aslida Arslon avtohalokatda og‘ir jarohat olgan, lekin o‘lmagan. U kasalxonada davolanib chiqqandan so‘ng yana uyiga qaytadi. Maftunaning ketib qolganini eshitib, uni shaharga olib kelish uchun Maftunaning qishlog‘iga boradi. Ikki yosh yana uchrashadi. Maftuna Arslonning iltimosiga ko‘ra yana shaharga qaytishga, o‘qishini davom ettirishga qaror qiladi.
Bu safar ham uni kursdoshlari iliq kutib olishmaydi. Aksincha, avvalgidan ham ko‘ra ko‘proq azoblashadi. Kursdoshlar Arslonning tirik ekanidan bexabar edi. Maftuna o‘gay otasining uyiga borishni istamaydi. Bir kuni u ko‘chada qolib ketadi. Arslon ikkisi bir sutkalik ijara uy topishadi. Ammo u uy fohisha ayolning uyi edi. Maftuna ham, Arslon ham bundan bexabar.
Muhlisa esa o‘sha fohisha ayolning mahalladoshi. Tongda Maftuna o‘sha ayolning uyidan chiqib, o‘qishga ketayotganida uni Muhlisa ko‘rib qoladi. Muhlisa butun oliygohga, hatto rektorgacha: “Maftuna suyuqoyoq ekan”, deb aytadi. Maftuna uchun yana og‘ir kunlar boshlanadi.
Bu orada Arslon ham o‘qishga qaytadi. Davronning o‘g‘li Jafar otasidan qasos olish payida yuradi. U o‘zining “ukaxoni”, ya’ni Arslon va Maftunaning kursdoshi Jamshidni yordamga chaqiradi. Jamshid tunda bir sherigi bilan Davronni qattiq kaltaklaydi va o‘zi yashirinadi.
Arslon hushsiz yotgan Davronni ko‘rib qolib, uni shoshganicha kasalxonaga olib boradi. Ammo bu yaxshiligi evaziga u tuhmatga qoladi. Davron Arslonga qarab: “Aslida bu ishlarni sen uyushtirgansan. Aybingni yashirish uchun menga yordam berding”, deb tuhmat qiladi. Arslonning ustidan arz qiladi.
Xodimlar Jamshid va uning do‘stini topishadi. Ammo Jafarning tazyiqi sababli Jamshid: “Meni Arslon bu ishga majbur qildi”, deb yolg‘on gapiradi. Arslon qamalib qoladi.
Film so‘ngida asl aybdorlar topiladi. Arslon ozod bo‘ladi. Davron undan kechirim so‘raydi. Arslon Davronga Maftunani uyga qaytarish va uni xafa qilmaslik shartini qo‘yadi. Davron shartga rozi bo‘ladi.
Shoista Orolova, Erkiyor Yusupov, Elyor Habibullayev, Jasur Zokirov, Botir Kozimov, Timur Komilov, Avaz Qodirov, Dildora Muhammedova, Shaxrizoda Dehqonova, Laylo Ashurova, Farrux Toshpo‘latov, Nurillo Abdullayev, Jahongir Jabborov, Dilnoza Parpiyeva, Yulduz Jo‘raqulova, Nodira Mirzayeva, Otabek Toxirov, Dinara Mahmudova, To‘lqin Niyozov.











































































































































































































































































































