
Kadr tobutning hovliga kirib kelishidan boshlanadi. Qarindoshlardan biri ekspertiza xulosasini onaga jimgina uzatadi. Unda qiz o‘z joniga qasd qilgani yozilgan. Ona qog‘ozni titroq qo‘llari bilan ushlab turadi. “Yo‘q. Qizim unday qilmagan. Uni ular o‘ldirdi”, deydi zo‘rg‘a ovoz chiqarib. Kadr ortga qaytadi. Qizning so‘nggi qo‘ng‘irog‘i — “Meni olib keting, ona”, degan yalinishi eshitiladi. Ona esa hali hech narsadan bexabar: “Chida, qizim, oila degani shunday bo‘ladi — sabr qil”, deydi. Shu gapdan so‘ng aloqa uziladi. Ona qayta qo‘ng‘iroq qilganida, telefon ko‘tarilmaydi. Qudalarnikiga borganida esa: “Hadeb kelavermang”, deb uni ichkariga kiritishmaydi. Onaning xavotiri kuchayadi. Qancha urinmasin, qizi bilan gaplasha olmaydi. Epizodma-epizod dahshatli haqiqat qatlam-qatlam ochila boshlaydi. Kelin uyga tushgan kunidayoq qaynona uning telefonini tortib olib: “Oilangizni unutasiz”, deydi. Arzimas bahonalarda unga baqiradi, bir kuni g‘azab ustida yuziga piyola otadi. Jahl bilan uni ko‘chaga chiqarib qo‘yadi, kunduzi esa cho‘riday ishlatib, nafas rostlashga ham vaqt bermaydi. Har bir yangi kadr avvalgisidan og‘riqliroq — bularning barchasi ona haqiqatni izlagan kunlarda qismlab, birin-ketin oshkor bo‘ladi. Eng so‘nggi va eng og‘ir haqiqat esa ona jinoyatning tub sababini bilish uchun qudalarnikiga borgan kunida ochiladi: qizi o‘sha kechasi ham qochib qutulish umidida onasiga telefon qilgan, ammo qaynona telefonni uning qo‘lidan tortib olib, o‘z o‘g‘liga xotinini rosa urdirgan. Shundan so‘ng qiz uy ichida yolg‘iz va chorasiz qolgan edi. Ona adolat qaror topishi uchun harakat qiladi. Avvaliga qudalar aybini tan olmaydi, keyin katta-katta va’dalar bilan uning og‘zini yopishga urinishadi. Bu yordam bermagach, sovuqqonlik bilan yangi taklif qilishadi: kichik qizini kelin qilib olishmoqchi ekanliklarini, bu safar to‘y behad hashamatli bo‘lishini va’da qilishadi. Ona esa: “Bir qizimni bilib turib olovga tashlaganman, ikkinchisini ham tashlaymanmi?” deb qat’iy rad etadi. Qudalar o‘g‘lini ham ishga soladi — u qaynsinglisining qo‘lini so‘rab, bir necha bor yo‘lini to‘sadi va: “Seni baxtli qilaman”, deb yolvoradi. Qiz esa unga achchiq javob qaytaradi: “Opamning tuprog‘i sovimasdan menga bunday jirkanch taklif berasizmi?” So‘ng onasiga: “Siz rozi bo‘lsangiz ham, men rozi bo‘lmayman”, deydi. Ona ham qat’iy rad javobini beradi. Shundan keyin tahdid ochiq tus oladi: “Arizangni qaytarib olmasang, qolgan yaqinlaringni ham yo‘q qilamiz”. Ona o‘z joni haqida emas, tirik qolgan farzandlari haqida o‘ylab, noiloj arizasini qaytarib olishga qaror qiladi. Ammo aynan shu lahzada qizi uni to‘xtatib, yo‘l ko‘rsatadi. Ona qudaning uyiga borib: “Arizani qaytarib olaman, faqat qizim qanday o‘lganini o‘z og‘zing bilan ayt”, deydi. Ayyor quda avval kesatib: “Borib sudga aytishing uchunmi?” deb so‘raydi. Ona esa telefonini uning oldiga qo‘yib: “Mana, telefonim. Shu yerdagi gap shu yerda qoladi. Qizim har kecha tushimga kirib, meni bezovta qiladi. Faqat haqiqatni bilsam bo‘ldi”, deydi. Quda bir muddat ikkilanib turgach, mag‘rurlanib tan oladi: “Ha, men o‘ldirdim. Lekin buni hech qachon isbotlay olmaysan. Qayerga olib borsang ham, hech narsa qilmaganman, deb turib olaman”, deydi. Quda bilmaydi — ona ko‘zga tashlanmaydigan eshitish moslamasini taqib olgan va bu iqror boshidan oxirigacha yozib olingan edi. Yozuv ichki ishlar organlariga topshiriladi. Sud jarayoni ikki bosqichda ko‘rsatiladi: dastlabki jarayonlarda quda tomoni ustunlik qiladi, tomoshabin g‘azab va taranglik ichida qoladi. Ammo keyingi jarayonda ona qo‘lidagi dalil — o‘sha yozuv taqdim etiladi va vaziyat butunlay teskarisiga o‘zgaradi. Bu sahna shiddatli, deyarli nafas rostlashga imkon bermaydigan tarzda quriladi. Yakuniy sahnalardan birida ona tush ko‘radi: qizi uning bag‘rida yotibdi. Ona uning sochlarini silab: “Kechir, bolam”, deydi. Qiz esa unga jimgina, “Siz aybdor emassiz”, deganday boqadi. Ona ko‘z yoshlari bilan uyg‘onadi. U adolatga erishgan, ammo qizini asray olmagani va o‘z vaqtida uning dardini eshitmagani uchun qalbida umrbod armon bilan yashaydigan ona bo‘lib qoladi.
Javohir Odiljonov, Sadoqat Norova, Dildora Umarova, Hosiyat Xusanova, Mavluda Razzoqova, Rashid Xoldorov, Laziz Orziyev, Jahongir Qo‘chqorov, Elyor Xamroyev, Dilshod Masharipov, Nigina Jo‘rayeva, Shahzod Murodov, Dildora Avazova, Farangiz Ahmedova.











































































































































































































































































































