
30 yoshli Aziz halol mehnati, odobi va pokiza nomi bilan el orasida hurmat topgan yigit. Uning hozirgi kundagi maqsadi — mehr va ishonchga tayangan baxtli oila qurish. Ammo onasi Navbahor opa har gal sovchilikdan rad javobi bilan qaytardi. Buning ustiga, katta opasi Yulduz ham erining xiyonatini kechirolmay, qo‘lida go‘dagi bilan ota uyiga qaytadi. Bir kunning o‘zida ikki farzandining baxti chilparchin bo‘lganini ko‘rgan Navbahor opa tushkunlikka tushadi.
So‘nggi umid sifatida uzoq viloyatdan odobli, o‘qimishli qiz topiladi. Aziz va qiz ilk uchrashuvdayoq bir-birlariga mehr qo‘yishadi. Keyingi uchrashuvlar davomida bu tuyg‘u muhabbatga aylanadi. Qiz Azizning samimiyligi, mas’uliyati va insoniy fazilatlarini yoqtirib qoladi, Aziz esa orzusidagi qizni topganiga ishonadi. Har ikki oila roziligi bilan fotiha qilinadi. Nihoyat, bu xonadonga uzoq kutilgan quvonch qaytgandek bo‘ladi.
Ammo to‘yga sanoqli kunlar qolganda, qizning otasiga bir qarindoshi bo‘lajak qudasi O‘tkirning yillar davomida boshqa shaharda ikkinchi oilasi bilan yashab kelganini tasdiqlovchi surat va videolarni yuboradi. Yillar davomida yashirilgan sir bir lahzada oshkor bo‘ladi. Fotiha buziladi.
Qiz ham, Aziz ham bu qarorni qabul qila olmay, tushkunlikka tushib qolishadi. Aziz qizning otasi bilan yuzma-yuz gaplashadi:
— Meni otam bilan adashtirmang. Axir men ularning qilgan ishi uchun javobgar emasman. Men ularga o‘xshamayman. Qizingizni baxtli qilaman, — deydi.
Ammo qizning otasi og‘ir xo‘rsinib, qarorini o‘zgartirmasligini aytadi.
Aziz taslim bo‘lmaydi. U sevgan qizidan voz kechishni istamaydi va qayta-qayta bo‘lsa ham qizning otasi oldiga boradi. Qiz ham otasini ko‘ndirishga urinadi. Ammo qizning otasining qarori ularning muhabbatidan kuchliroq chiqadi.
Endi Aziz qayerga bormasin, bir xil qarashga duch keladi — odamlar uni qilgan ishlari bilan emas, otasining gunohiga qarab turlicha salbiy munosabat bildirishadi.
Shu kundan boshlab Azizning miyasida bitta savol aylanadi:
«Nega otamning gunohi uchun mening baxtim barbod bo‘lishi kerak?..»
Bu savollar va muhabbatidan ayrilayotgani uni ich-ichidan yemira boshlaydi. U otasi bilan bir dasturxon atrofida o‘tira olmay qoladi. Har gal O‘tkirni ko‘rganda, ko‘z oldiga sevgan qizi keladi. O‘tkir esa o‘zini oqlashga urinadi, ammo hech bir bahona Azizni tinchlantirmaydi. Aksincha, ota-o‘g‘il orasidagi nizo kuchayib, janjalga aylanadi.
Azizning onasi ham ich-etini yeb bitirardi.
Bir kuni Aziz otasini yashirincha kuzatadi va otasining ikkinchi oilasini topib boradi. U yerda o‘zidan kichik, hech narsadan bexabar uka va singlisini ko‘radi. Otasini sog‘inib yashayotgan begunoh bolalarni ko‘rgan Aziz dahshatli haqiqatni anglaydi: otasining gunohi faqat uning sevgisini emas, ikki oilaning tinchligini, to‘rt nafar begunoh farzandning taqdirini ham barbod qilgan edi.
O‘sha oqshom uyga alamda, ichib mast holatda qaytgan Aziz otasiga ichidagi barcha alam va g‘azabini aytib, baqiradi. Otasi nafaqat uni baxtsiz qilgani, onasiga va oilasiga xiyonat qilgani yetmagandek, yana begunoh ikki norasidaning ham kelajagini barbod qilayotganini aytib, barcha alamlarini to‘kib soladi.
Onasi va opasi uni tinchlantirishga urinadi. Lekin Aziz mastlik ta’sirida, alamdan tinchlanmaydi. O‘tkir esa umr bo‘yi yashirib kelgan gunohini tan olmoqchi, hammasi uchun kechirim so‘ramoqchi bo‘ladi. Ammo bunga ulgurmay, yurak xurujiga uchraydi.
O‘sha oqshom O‘tkir vafot etadi.
Dafn marosimidan keyin Aziz otasidan qolgan xatni topib oladi va uni o‘qiydi. Kadrlar parallel ketadi: xatdagi ovoz ortidan qabristonda qabr boshida turgan Azizning holatiga ulanadi.
«Umrimning eng katta xatosi — bir gunohni yashirish uchun umr bo‘yi yolg‘on ichida yashaganim bo‘ldi. Har kuni haqiqatni aytishga ahd qildim, ammo jur’atim yetmadi. Ichimda faqat bitta qo‘rquv yashardi — qachondir bu xiyonatim fosh bo‘lishidan, o‘sha kun kelishidan qo‘rqardim. Mana, o‘sha kun ham keldi. Mening bitta gunohim ikki oilaning boshiga kulfat, begunoh farzandlarimning taqdiriga esa og‘ir yara bo‘ldi.
Agar vaqt ortga qaytganida, bu yo‘lni hech qachon tanlamagan bo‘lardim.
Meni kechirishga majbur emassiz. Faqat mening xatoimni takrorlamang. Meni emas, gunohimni dafn qiling…»
Erining xiyonatini bilsa-da, shuncha yil farzandlari tirik yetim bo‘lmasin deb erining xiyonatiga ko‘z yumib yashab kelgan Navbahor opa oxiri chidab turolmaydi.
U qudalarining oldiga borib, Aziz va Ruxshonani bir-biridan ayirmasliklarini so‘raydi. Bir marta qizini o‘zi sevmagan insonga uzatib, baxtsiz bo‘lganini ko‘rib bag‘ri ezilgan ona sifatida, yana bu ikki yosh ham o‘zlari istamagan odamlar bilan turmush qurib, bir umr baxtsiz bo‘lib qolmasligini iltimos qiladi. Yig‘lab, kechirim so‘raydi.
Aziz ham qaynotasiga haqiqiy yigit so‘zini, or-nomusini o‘rtaga qo‘yib va’da beradi.
Ruxshonaning ko‘zlaridagi muhabbat, sog‘inch va iltijoni ko‘rib, sezib yurgan ota-onasi ham oxiri rozilik berishadi.
Va nihoyat, Aziz va Ruxshona baxtli bo‘lishadi.
Merdan Matvaliyev, Gulruhsor Toxirjonova, Mehri Bekjanova, Aleksandr Bekjanov, Xurshid To‘xtayev, Asal Axralxo‘jayeva, Maryam Hamzayeva, Firdavs Qoraboyev, Mashhura Xolmedova, Bunyod Zoirov, Zohida Nuriyeva, Rushana Zohidjonova, Samiya Toxirova.